Serbiya ko‘chatchilik kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari, investisiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Mamajonovning Serbiya Respublikasiga xizmat safari doirasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi xorijiy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Xususan, Serbiyaning ko‘chatchilik sohasida ko‘p yillik tajribaga ega Kalem-Voće Miladinović d.o.o. kompaniyasi direktori D. Miladinovich bilan yuzma-yuz uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqotda Toshkent viloyatida intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, zamonaviy ko‘chatchilik texnologiyalarini joriy etish, sifatli va serhosil meva ko‘chatlarini yetishtirish borasida hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.
Ko‘chatchilikda 70 yildan ko‘proq tajribaga ega mazkur kompaniya meva daraxtlari ko‘chatlari va payvandtaglarini yetishtirish, payvandlash hamda intensiv bog‘larni barpo etish bo‘yicha maslahat xizmatlarini ham ko‘rsatadi. Kompaniya olma, nok, olcha, gilos, olxo‘ri, o‘rik, shaftoli, behi va uzum ko‘chatlari, shuningdek, zamonaviy intensiv bog‘lar uchun M9 T337, MM106, M26, BA29 kabi payvandtaglari bilan mashhur.Uning mahsulotlari xalqaro bozorlarga ham yetkazib beriladi.
Uchrashuvda, ayniqsa, intensiv bog‘lar uchun nav va payvandtaglarni to‘g‘ri tanlash, yuqori zichlikdagi bog‘larni loyihalash, ko‘chatlarni fitosanitar talablar asosida tayyorlash va eksport standartlariga moslashtirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Tomonlar o‘rtasidagi muloqot yakunida amaliy hamkorlikni davom ettirish, tajriba almashish va serbiyalik mutaxassislarni Toshkent viloyatiga kelishlari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Kelgusida kompaniya mutaxassislari bilan Toshkent viloyatining iqlim va tuproq sharoitidan kelib chiqib, intensiv bog‘dorchilikni rivojlantirish, istiqbolli navlar va payvandtaglarni tanlash, zamonaviy ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mazkur hamkorlik Toshkent viloyatida meva-sabzavotchilik tarmog‘ining investisiyaviy jozibadorligini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni jalb etish va yuqori samaradorlikka ega intensiv bog‘larni ko‘paytirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.



