mavsum Paxta – 2026 mavsumiga ezgu niyatlar bilan start berildi… — Toshkent viloyati hokimligi — TG.ME

#mavsum

Paxta – 2026 mavsumiga ezgu niyatlar bilan start berildi

Qariyb olti oy davomida mashaqqatli mehnat va fidoyilik evaziga yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olishning mas’uliyatli pallasi boshlandi.

Bugun erta tongdan viloyat faollari, nuroniylar, jamoat va davlat tashkilotlari mutasaddilari, tuman va shahar hokimlari, fermer va klasterlar rahbarlari, qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari mana shu muhim mavsum munosabati bilan ezgu taomilga muvofiq, Zangiota ziyoratgohida yig‘ildilar.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligida muazzam maskan ziyorat qilinib, o‘tganlar ruhi pokiga Qur’on tilovat qilindi.

Tabarruk qadamjoda jonliq so‘yilib, ehson dasturxoni yozildi. Qo‘llar duoga ochilib, barakali hosilni yig‘ib-terib olishda bel bog‘lagan bobodehqonlarning ishiga unum, el dasturxoniga to‘kinlik, yurtimizga tinchlik tilab, fotiha qilindi.

Darhaqiqat, paxtakorlarimiz oldida yetishtirilgan hosilni qisqa muddatlarda, sifatli va nest-nobud qilmay yig‘ib-terib olishdek mas’uliyatli vazifa turibdi.

Joriy yil qishloq xo‘jaligi, xususan, paxta yetishtirishda sinovli bo‘lishi bilan birga, sermahsul yil bo‘ldi. Viloyatda yangi texnologiyalar asosida paxta yetishtirilib, agrotexnik tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirildi.


Viloyatimizda 1 110 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan 54 ming gektar maydondan 281 ming tonna paxta hosil olish rejalashtirilgan.

Bu yil paxta terimida mexanizatsiyaga alohida e’tibor qaratilib, birinchi marotaba viloyatda 46 ming gektar, ya’ni jami maydonning 85 foizini mashinada terib olish rejalashtirilgan.

Mazkur vazifani samarali tashkil etish maqsadida 50 dan ortiq yangi paxta terish mashinalari xarid qilinib, viloyatdagi paxta terish texnikalari soni 180 taga yetkazildi.

Qolaversa, bu yil paxta terimi jarayonlarini nazorat qilishda zamonaviy GPS tizimidan keng foydalanish rejalashtirilgan bo‘lib, mashinalarning harakatlanishi, ishlagan vaqti, terilgan maydoni va bekor turib qolish holatlari onlayn kuzatib boriladi.

Paxta terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish, joylarda yuzaga kelayotgan muammolarni tezkor hal etish va amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida viloyatdan har bir tumanga mas’ullar biriktirildi.

Tadbirda viloyat rahbari so‘z olib, paxta terimida ishtirok etadigan mexanizatorlar, fermerlar, klasterlar rahbarlari va soha vakillariga mavsumni uyushqoqlik bilan o‘tkazish, texnika va resurslardan samarali foydalanish, hosilni talafotsiz yig‘ib olish, yong‘in xavfsizligi va boshqa texnik reglamentlarga qat’iy rioya qilish bo‘yicha zarur tavsiyalarini berdi.


✅Telegram 🌐Website 📹YouTube✅Facebook 🕊Twitter🌐Instagram
September 6, 2026 4.9K 43