Bo‘stonliq tumanida Istiqlol bayrami hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan 34-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining kapital ta’mirdan so‘ng qayta foydalanishga topshirilishi aholi uchun munosib tuhfa bo‘ldi.
Zamonaviy qiyofa kasb etgan ta’lim muassasasida “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida yangi o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur maktabda ta’lim asosan qozoq tilida beriladi.
Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Malik Otarbayev, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Mereke Kulkenov, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aqto‘ti Rayimqulova, Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, Qozog‘iston Yozuvchilar va Jurnalistlar uyushmalari a’zolari, taniqli shoir va yozuvchilar qatnashdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mamlakatimiz maktablari o‘quvchilari va ustoz-murabbiylariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.
Tantanali tadbirning eng quvonchli lahzalaridan biri maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alarining topshirilishi bo‘ldi.
Shuningdek, ta’lim muassasasiga taniqli qozoq yozuvchisi, dramaturg, tarjimon va jamoat arbobi Rahmetolla Rayimqulov nomi berildi. Uning ijodiy merosini o‘rganish, yosh avlodni kitobxonlikka keng jalb etish maqsadida maktabda Rahmetolla Rayimqulov nomidagi raqamli kutubxona hamda muzey tashkil etildi.
Yangi ta’lim imkoniyatlari bilan boyitilgan maktab o‘quvchilar uchun nafaqat sifatli bilim olish, balki milliy va umuminsoniy qadriyatlarni o‘rganish, kitob mutolaasi va ijodiy izlanishlar bilan shug‘ullanish uchun ham keng sharoit yaratadi.
Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi — spichrayter Xayriddin Sultonov, Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova, viloyat hokimi o‘rinbosari Jamshid Babajanov ishtirok etdi hamda "Kelajak soati" doirasida mustaqillak darslari o'tildi.