Makka, Madinada yashash karomatmi?
Madina, Makkada yashash yo oʻlish karomat emas, oʻlchov emas. Abu Jahl Ka’baning biqinida, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning yonlarida yashagan va Makkada oʻlgan. Foyda berdimi? Ahamiyati qoldimi?
Munofiqlar boshligʻi Ibn Salul Madinada oʻlib, buyuk sahobalar dafn qilingan Baqe’ga koʻmilgan. Foyda berdimi? Ahamiyati qoldimi?
Borar manzilingiz jannat boʻlsa, borsa kelmas choʻllarda, it topmas qishloqlarda, jin koʻchalarda oʻlib ketsangiz ham farqi yoʻq, zarracha zarari yoʻq. Ammo manzil doʻzax boʻlsa, Ka’baning ichida oʻlish ham sizni qutqarib qololmaydi.
Kimgadir qarindosh boʻlish, kimningdir suhbatida boʻlish ham karomat, oʻlchov emas. Abu Lahab, Abu Tolib Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilari boʻlgan, kerak boʻlsa har kuni koʻrishib, gaplashishgan.
Nuh alayhissalomning oʻgʻli paygʻambarning bolasi edi. Ozar paygʻambarning otasi edi. Lut alayhissalomning ayoli paygʻambarning xotini edi. Fir’avn kamolotga yetgan sanoqli ayollardan biri Asiya onamizning eri edi.
Baraka topgur, ayting, birortasiga shu qarindoshliklar foyda berdimi, doʻzaxdan qutqarib qoldimi?
Makka/Madinada yashaydigan Qutbiddin yo Qutbinisa dunyoning bir burchagidagi qishloqda, kulbada yashaydigan Salimjon yo Salimaxondan yaxshi, Alloh Qutbiddin yo Qutbinisadan rozi, ularni koʻproq yaxshi koʻradi, deb kim aytoladi? Nimaga koʻra? Makka/Madinada yashash/yashamaslikka koʻrami?!
Masala qayerdamas, qanday yashashda. Alloh taoloning tavfiqi bilan haq uzra ekansiz, quduq tubida boʻlsangiz ham yutuqdasiz.
Alloh haq uzra yashashni va oʻlishni nasib qilsin, amiyn!
15.03.25
Madinai Munavvara