#umra
#Ramazon
#mizoj
Umra yo'lovchisi!
Umraga nima olib boraman deb ko'p so'raysan-ku, biroz yozgim keldi.
Yo'lga o'zingni olib borasan.
Masalan, jahldormisan, jahling bilan o'ynaladi, boshqalardan ayb qidiradigan toifadanmisan, qo'lingga yetarli miqdorda fayl beriladi, hech narsani yoqinqiramaydigan xulqqa egamisan, sen yoqtiradigan holat yashatilmaydi senga, boshing muammodan chiqmaydigan xilidanmisan, yana o'sha muammolaringni ro'parangda ko'rasan, chunki o'zing bilan kelasan bu yo'lchilkka, o'zingni olib kelasan.
O'zingni olib kelib, barcha mavzularda yana "sen"ga tashlanasan, "o'z"ga qaytish o'rniga. Misol tariqasida, telefonda gaplashib yo'lingni adashtirib qöyasan, kelib "sen"ga yopishasan, orqaga qarab qayerda qolib ketding demaysan deb jahlingni "senga" sochasan, "o'z"ga qaratib men telefon bilan chalg'iganim uchun yo'ldan adashdim demaysan; chunki "o'z" oppoq, aybdor esa "sen", tavof asnosida mening oyog'im og'riyotganini bilib turib ataylab tez yuryapsanmi deb zahringni sochasan; yana "sen" aybdor, "o'z" esa bamisli oppoq qor; tavofdan jahl qilib chiqib ketasan, nega chiqding deyilsa, "sen" tez yurasan, shunga chiqdim deysan, oh, yana "sen" aybdor, "o'z" esa yopishtirgan gapi bilan xursand, gap bilan yopishtirib qo'ydim deysan, "o'z"ingni osmonlarga olib chiqib qo'ydingmi, xotirjammisan endi, "sen"ni hech tinch qo'ymading, qayerda aytildi "sen"ni tarbiya qilasan deb, ammo "o'z"ni tarbiya qilasan deyildi?!
Sen, sen, sen... qachonga qadar sen...
"Sen"ga bu qadar yuklanganing yetar...
"O'z"ga qayt "o'z"ga...
E'tikofda inson til ro'zasi ham tutadi, nega, ichki dunyoingga yo'nal endi biroz deb, tiling shifolansin deb. Sen esa tashqari bilan 7-24 soat kontaktdasan. Muammolaring ko'pi shu til bilan bog'liq ekanini tafakkur qilmaysan.
Xonangda kreslongda rahbarsan, bu yer rahbarliging peshkash qiladigan joy emas, insonlarga buyruq berib, boshqarishga intilma, qullardan bir qul ekaningni unutma, ibrat ol, kim kimlar rahbarlik kiyimini yechib, rahbarlik shaxsiyatidan bir chetga surib qo'yib, Baytullioh mehmonlariga xizmat qilyapti, ularni farrosh ko'rayotgan sening ko'zing xolos.
Kim kim rahbarlar o'zini "ikki haram xodimi" deb atasa, qara "xodimi" deb atayapti, sen esa hali ham o'zingni rahbar kabi tutishda davom etasan. Mizoj ilmida bu holatga bir qoida bor:
"Tashqarida ko'p bo'lgan ichkarida ozdir". Tashqarida nimanidir o'ta kontrol qilayotgan bo'lsang, ichkarini kontrol qila olmayotganingni ko'rsatadi. Qachonki ichki dunyoinga hokim bo'lishni o'rgansang, tashqarini kontrol etish istagi kamayadi.
Nasibang 2 qadam ortda bo'la turib, turtib-surtib oldinga intilasan, haqni rioya qilmaysan.
Ikki og'iz biroz haqiqatdan gapirilsa darrov qarshilik ko'rsatishga o'tasan, juda bo'lmasa, yoshim ulug', men sendan kattaman deb yoshing uchun izzat-hurmat tilab olishga o'tasan. Moddiy ulg'ayibsan degani ma'naviy ulg'ayding degani emas.
Modda bn bu qadar ovora ekansan, ma'noni tatimaysan, tanlov senda.
Ko'zingni haqiqatga ochishing uchun yana nimalar yashashing kerak, yana nimalarni boshingdan o'tkazishing kerak. Yoshim ulug' deding-ku, kelmadimi unda vaqting. Yoki razbor qilish bilan o'tib ketadimi umring, kimnidir titib yuborasan, kimnidir sochib yuborasan, kimnidir jag'ini yorib qo'yasan, kimgadir enasini ko'rsatib qo'yasan, ajinang tutib qoladi, ajinang "Assalomu alaykum" deb kelib qoladi, sen kelgan joyiga qayta yo'llash o'rniga "xush kelding" deb kutib olasan, ishlatayotgan so'zlaringga bir nazar tashla. Bular sening leksikangdagi so'zlar.
Umraga och qolaman deb oziq-ovqat tayyorlash bilan birga o'zingni ham tayyorlashni unutma, chunki umraga o'zingni olib kelasan, o'zingni ko'rasan, o'zingni yashaysan...
Mizoj...
E'tikof kundaligidan