Islomobod qamalda: Pokiston yangi siyosiy to‘qnashuv ostonasida…

Islomobod qamalda: Pokiston yangi siyosiy to‘qnashuv ostonasida

Pokiston hukumati 27-sentabrga rejalashtirilgan Pakistan Tehreek-e-Insaf (PTI) partiyasining yurishi oldidan Islomobodni deyarli to‘liq izolyatsiya qilmoqda. 35 mingga yaqin qo‘shimcha kuch, yopilgan avtomagistrallar, konteyner barrikadalar, hibslar va internetni cheklash rejalari - hukumat namoyishni oddiy siyosiy aksiya emas, balki jiddiy xavfsizlik muammosi sifatida ko‘rayotganini ko‘rsatadi.

Biroq PTI ortga chekinmayapti. Partiya barcha cheklovlarga qaramay, 27-sentabrdagi yurish davom etishini bildirmoqda. Demak, vaziyat asta-sekin “namoyish bo‘ladimi?” degan savoldan “davlat uni qanday to‘xtatadi?” degan masalaga ko‘chmoqda.
Ayniqsa, Xaybar-Paxtunxva - Panjob yo‘nalishining bloklanishi strategik ahamiyatga ega. Aynan shu hududlardan PTI tarafdorlarining asosiy oqimi kutilmoqda. Islomobodning “egizak shahri” Ravalpindida ham 27-sentabrdan ayrim hududlarda 2G, 3G va 4G tarmoqlarini cheklash yoki bloklash so‘ralgan. Ravalpindi Pokiston armiyasining bosh qarorgohi joylashgan shahar ekani vaziyatga qo‘shimcha siyosiy ramziylik beradi.

Bosim faqat PTI faollariga qaratilmagan. Imron Xonning uch singlisi - Alima Xon, Uzma Xon va Nurin Niyazi - 30 sutkaga hibsga olingan. PTI ma’lumotlariga ko‘ra, boshqa qarindoshlari va partiya tarafdorlari ham ushlangan. Shu bilan birga, Londonda yashayotgan o‘g‘illari Sulaymon va Kasim Xon (ikkovining onasi yahudiy milliarder Goldsmitlar oilasiga mansub) otasining ozod qilinishi, tibbiy yordam olishi va oila bilan muntazam aloqasi tiklanishi uchun xalqaro media maydonida faol kampaniya olib bormoqda. Bu esa Imron Xon atrofidagi kurashning yangi xususiyatini ko‘rsatmoqda: ichkarida uning siyosiy tarmog‘i va yaqinlariga bosim kuchayayotgan bir paytda, tashqarida uning o‘g‘illari masalani xalqaro kun tartibida ushlab turishga harakat qilmoqda.

Yana bir muhim signal - Islomobod kasalxonalarining favqulodda rejimga o‘tkazilgani. Bu hukumat 27-sentabrda oddiy miting emas, uzoq davom etishi yoki to‘qnashuvlarga aylanishi mumkin bo‘lgan ommaviy qarama-qarshilik ehtimoliga tayyorlanayotganini ko‘rsatadi.

Shunday qilib, Islomobod atrofidagi konteynerlar asta-sekin siyosiy inqirozning fizik chegaralariga aylanmoqda. Hukumat poytaxtga olib boruvchi yo‘llarni yopishi, internetni cheklashi va PTI yetakchilarini hibsga olishi mumkin. Ammo bular Imron Xon fenomeni va PTI bilan bog‘liq siyosiy qarama-qarshilikning o‘zini bartaraf etmaydi. Eng katta savol endi PTI kolonnalari 27-sentabr kuni Islomobodga yetib boradimi yoki yo‘qmi emas. Asosiy masala - davlatning blokada va bosim strategiyasi qarama-qarshilikni jilovlaydimi yoki aksincha, uni yanada chuqurlashtiradimi?

Strategic Focus: Central Asia
❤5🔥3💯2
24-sentabr, 2026 1,4 ming 7