Strategic Focus: Central Asia: post #4422 — TG.ME

Strategic Focus: Central AsiaEron atrofidagi diplomatik faollik: Vashington bosimi va Tehronning strategiyasi A.Ziyodov, mustaqil ekspert 25-avgust kuni Eron atrofidagi diplomatik faollik bir vaqtning o‘zida Ummon, Pokiston va Qatar kanallari orqali kuchaydi. Tashqi ko‘rinishda bu…
Davomi
 
Mavjud vaziyatdagi eng katta muammo – tomonlarning Ho‘rmuz bo‘g‘ozining kelajakdagi rejimi haqidagi qarashlari keskin farq qilayotganidir.
 
AQSh kemalar harakatining avvalgi tartibini tiklashni talab qilmoqda. Tehron esa urushdan oldingi status-kvoga shartsiz qaytishni rad etmoqda.
 
Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozining kelajagini o‘zining va Ummonning ishtirokisiz hal qilishga qarshi. Shuningdek, Tehron bo‘g‘ozning to‘liq ochilishini AQSh harbiy-dengiz kuchlarining hududdan chiqishi, blokadaning olib tashlanishi, muzlatilgan aktivlarning qaytarilishi va boshqa talablar bilan bog‘lamoqda.
 
Shuning uchun bu yerda gap shunchaki “bo‘g‘oz ochiladimi yoki yopiq qoladimi?” degan savol haqida emas. Asosiy savol – Ho‘rmuzdagi yangi tartibni kim belgilaydi?
 
Vashington bunga xalqaro kemalar harakati va erkin navigatsiya nuqtai nazaridan qaramoqda. Tehron esa masalani suverenitet, mintaqaviy xavfsizlik va o‘zining strategik nazorati doirasida ko‘rmoqda.
 
AQShning yangi sanksiyalar paketi Eron bilan bog‘liq bir qator strategik sektorlar va shaxslar hamda tashkilotlarga qarshi qaratilgan. Shu bilan bir vaqtda Vashington Eronga muzokara orqali chiqish imkoniyatini ham taklif qilmoqda. Bu AQSh strategiyasidagi asosiy paradoksni ko‘rsatadi: bir qo‘lida sanksiyalar, ikkinchi qo‘lida muzokara taklifi.
 
Muammo shundaki, Tehron buni bosim ostidagi muzokara sifatida qabul qilmoqda. Natijada AQShning iqtisodiy bosimi Eronni avtomatik ravishda yon berishga majbur qilish o‘rniga, aksincha, Tehronning o‘zini mustaqilroq tutish va mintaqaviy hamkorlikni kuchaytirish istagini oshirmoqda.
 
Bundan tashqari, Xitoyning AQShning bir tomonlama sanksiyalariga qarshi chiqayotgani Eron uchun muhim tashqi tayanch saqlanib qolayotganini ko‘rsatadi.
 
Vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan omil – Eronda urush va tinchlik masalalarida qaror qabul qilish markazining fuqarolik diplomatiyasidan xavfsizlik va kuch tuzilmalariga tobora ko‘proq siljiyotgani haqidagi tahlillar.
 
Agar bu tendensiya davom etsa, Araqchi yoki boshqa diplomatik vakillarning kelishuvga tayyorligi yetarli bo‘lmasligi mumkin. Har qanday kelishuv Eronning xavfsizlik va harbiy blokining roziligisiz amalga oshishi qiyinlashadi.
 
Bu esa vositachilar uchun eng katta muammo: ular faqat Tashqi ishlar vazirligi bilan emas, balki Tehrondagi kuch markazlarining umumiy pozitsiyasi bilan hisoblashishi kerak.
 
Xulosa qilib aytganda, bugungi vaziyatdan ko‘rinadiki, yaqin haftalarda katta siyosiy kelishuvdan ko‘ra, kichik va bosqichma-bosqich texnik kelishuvlar ehtimoli yuqori. Eng real ssenariy – Ummon va Eron o‘rtasida Ho‘rmuz orqali kemalar harakatini qisman tiklash bo‘yicha kelishuv. Bu esa bo‘g‘ozning to‘liq ochilishi yoki AQSh va Eron o‘rtasidagi strategik qarama-qarshilik tugaganini anglatmaydi.
 
Shu bilan birga, Pokiston va Qatar orqali olib borilayotgan siyosiy muzokaralar davom etadi. Ammo ularning muvaffaqiyati AQShning o‘z talablarini qanchalik yumshatishiga va Tehrondagi kuch tuzilmalarining kelishuvga qanchalik tayyorligiga bog‘liq bo‘ladi.
 
Eng qiziq jihat esa shundaki, Vashingtonning bosim siyosati o‘z-o‘zidan diplomatiyani yo‘q qilgani yo‘q – aksincha, AQShni tobora ko‘proq vositachilar orqali gaplashishga majbur qilmoqda. Bir vaqtlar Vashington Tehronga shart qo‘yayotgan edi. Bugun esa o‘sha shartlarni Ummon, Pokiston va Qatar orqali yetkazish uchun diplomatik kanallar izlamoqda.
 
Shu ma’noda, Ho‘rmuz atrofidagi bugungi kurash faqat neft va kemalar harakati uchun emas. Bu – Yaqin Sharqdagi xavfsizlik arxitekturasini kim belgilashi, AQShning mintaqadagi bosim imkoniyatlari qanchalik saqlanib qolishi va Eronning mintaqaviy o‘yinchi sifatidagi mustaqil manevr maydoni qanchalik kengayishi uchun kurashdir.
 
Strategic Focus: Central Asia
❤4👍3🔥1💩1
August 26, 2026 5.3K 1 6