Erondagi hokimiyat markazi o‘zgardimi?
Yaqin Sharqdagi oxirgi voqealar fonida ekspertlar Eronda kuzatilayotgan hokimiyat taqsimotini faol muhokama qilmoqdalar. Tahlillarga ko‘ra, Oliy rahbar Ali Xomanaiyning o‘limi va urush sharoiti mamlakatdagi an’anaviy siyosiy muvozanatni keskin o‘zgartirgan: rasmiy jihatdan hokimiyat tizimi saqlanib qolgan bo‘lsa-da, amalda qaror qabul qilish markazi tobora Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va Oliy milliy xavfsizlik kengashi atrofida jamlanmoqda.
Ekspertlar, xususan, IIQK bosh qo‘mondoni Ahmad Vohidiy va uning atrofidagi xavfsizlik apparati bugungi Eronda urush, sulh, tashqi siyosat va mintaqadagi harbiy faoliyat bo‘yicha eng katta ta’sirga ega bo‘lgan kuchga aylanganini qayd etmoqda. Yangi Oliy rahbar Mojtaba Xomanaiy esa ko‘proq ushbu qarorlarni legitimlashtiruvchi siyosiy-diniy figura sifatida namoyon bo‘layotgani, Prezident Pezeshkiyonning esa xavfsizlik va harbiy masalalardagi real vakolatlari sezilarli darajada qisqargani ta’kidlanmoqda.
Bu jarayonni oddiy “harbiy to‘ntarish” deb baholash esa to‘liq to‘g‘ri bo‘lmasligi mumkin. Eronning o‘ziga xos tizimi hokimiyatni bir nechta institutlar o‘rtasida taqsimlab, tashqi tomondan avvalgi siyosiy arxitekturani saqlab qolish imkonini bermoqda. Parlament, prezidentlik instituti, ruhoniylar va Oliy rahbar lavozimi o‘z o‘rnida qolmoqda, biroq urush sharoitida real operativ resurslar (qurolli kuchlar, razvedka, raketa va dron salohiyati hamda xavfsizlik apparati) kimning qo‘lida bo‘lsa, siyosiy ta’sir ham tobora o‘sha markazga siljimoqda.
Eng muhim jihat shundaki, bu o‘zgarish Eronning tashqi siyosatiga ham bevosita ta’sir qilishi mumkin. Kelgusidagi AQSh bilan muzokaralar, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi masalasi, Isroil bilan qarama-qarshilik va mintaqadagi ittifoqchilar bilan aloqalarda Tehronning rasmiy diplomatik bayonotlaridan ko‘ra, xavfsizlik apparatining pozitsiyasi muhimroq bo‘lib borishi ehtimoli yuqori. Shu sababli xalqaro aktorlar uchun asosiy savol endi “Eronning rasmiy vakili kim?” emas, balki “Eron nomidan yakuniy qarorni kim qabul qila oladi?” degan masalaga aylanmoqda.
Ekspertlar oldida turgan asosiy ochiq savol esa shunday: IIQK atrofida shakllangan ushbu hokimiyat konfiguratsiyasi urush davridagi vaqtinchalik holatmi yoki Eron siyosiy tizimining uzoq muddatli transformatsiyasiga aylanadimi? Bugungi manzara shuni ko‘rsatmoqdaki, Eronning rasmiy institutlari o‘zgarmagan bo‘lsa-da, hokimiyatning real markazi sezilarli darajada siljigan.
Strategic Focus: Central Asia
4
3
3
1August 28, 2026 9K 1 6