#mulohaza
Ko‘pchilik “Tolibon” haqida yozgan so‘nggi postimdan keyin meni yomon ko‘ra boshladi. Aslida esa men “Tolibon” haqida bugun yoki kecha yozishni boshlagan emasman. Bu mavzuga avval ham ko‘p bor murojaat qilganman. Xususan, siyosiy fanlar doktori, dotsent Suhrob Bo‘ronovning tadqiqot va kitoblaridan juda ko‘plab muhim ma’lumotlarni kanalga ulashganman.
Jamiyatimizda “Tolibon”ga nisbatan ma’lum darajada yon bosish bor. Buni tushunish mumkin: Afg‘onistondagi urushlar, chet el harbiy kuchlarining aralashuvi va yillar davom etgan beqarorlik ko‘pchilikda “Tolibon — G‘arbga qarshi kuch” degan tasavvurni shakllantirgan.
Ammo masalaga faqat “G‘arbga qarshi” yoki “Islom tarafdori” degan ikki xil mezon bilan qarash yetarli emas.
Geosiyosatda har qanday siyosiy harakatning ortida turgan manfaatlar, uning kimlar bilan qanday munosabatda bo‘lgani va mintaqadagi kuchlar muvozanatida qanday rol o‘ynayotgani ham tahlil qilinishi kerak. “Tolibon”ni ham aynan shu nuqtayi nazardan o‘rganish zarur.
Qolaversa, “Tolibon”ning amaliy siyosati ham ko‘plab savollarni tug‘diradi. Agar biror siyosiy kuch o‘zini Islom tamoyillarining himoyachisi sifatida ko‘rsatsa, uning ayollarning ta’lim olishi va jamiyatdagi ishtirokiga qo‘ygan keskin cheklovlari, ilm-fan va ta’lim sohasidagi siyosati, shuningdek, madaniy merosga munosabati haqida savol berish tabiiy.
Islomni faqat bayroq, shior va siyosiy da’volar orqali baholab bo‘lmaydi. Har qanday guruhning asl mohiyatini uning amaliy ishlari, insonlarga munosabati va jamiyatga olib kirayotgan natijasi orqali baholash kerak.
Menimcha, eng to‘g‘ri yo‘l — hissiyotga berilmasdan, bu guruhlarning kelib chiqishi, moliyaviy va siyosiy aloqalari, mintaqadagi manfaatlar hamda ularning amaliy faoliyatini faktlar asosida tahlil qilish.
Chunki Islom nomidan gapirayotgan har qanday guruh avtomatik ravishda Islomning o‘zi degani emas. Bayroq boshqa, uning ortidagi siyosiy manfaat boshqa bo‘lishi mumkin.
👉SardorAli
Forwarded fromSardor Ali
1
13
8
5
13
8
5August 28, 2026 9.1K 6 6