Strategic Focus: Central Asia: post #4420 — TG.ME

Eron atrofidagi diplomatik faollik: Vashington bosimi va Tehronning strategiyasi
 
A.Ziyodov, mustaqil ekspert
 
25-avgust kuni Eron atrofidagi diplomatik faollik bir vaqtning o‘zida Ummon, Pokiston va Qatar kanallari orqali kuchaydi. Tashqi ko‘rinishda bu uch yo‘nalish turli tashabbuslar sifatida namoyon bo‘lsa-da, ularning markazida bitta masala – Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi kemalar harakatini tiklash va Vashington bilan Tehron o‘rtasida muzokaralarni qayta boshlash masalasi turibdi.
 
Eng muhimi, bu jarayonni oddiy vositachilik sifatida baholash noto‘g‘ri bo‘ladi. Aslida, AQSh Eronni iqtisodiy va harbiy bosim orqali yon berishga majburlashga urinayotgan bir paytda, ayni bosimning o‘zi Vashingtonni vositachilar izlashga majbur qilmoqda.
 
Hozircha eng amaliy natija berayotgan yo‘nalish – Ummon va Eron o‘rtasidagi muzokaralar. Ummon tashqi ishlar vazirining Tehronga tashrifi Hormuz bo‘g‘ozidagi kemalar harakati va uning xavfsizligi masalalariga qaratildi.
 
Bu yerda muhim jihat shundaki, Tehron mazkur muzokaralarni AQSh bilan bog‘liq jarayon sifatida emas, aynan bo‘g‘ozga tutash ikki davlat – Eron va Ummon o‘rtasidagi masala sifatida ko‘rsatmoqda. Eron uchun bu prinsipial ahamiyatga ega: Tehron Ho‘rmuzdagi tartibni tashqi kuchlar emas, mintaqa davlatlari belgilashi kerakligini ta’kidlamoqda.
 
Shu sababli, yaqin istiqbolda Ho‘rmuz orqali kemalar harakatini qisman tiklash bo‘yicha texnik kelishuv paydo bo‘lishi ehtimoli siyosiy kelishuvga qaraganda ancha yuqori.
 
Pokiston armiyasi rahbari Asim Munirning Tehronga tashrifi esa jarayonga boshqa o‘lcham qo‘shdi. Manbalar qayd etishicha, AQSh Prezidenti D.Tramp Munir bilan shaxsan bog‘lanib, Islomobodning Eronga ta’siridan foydalanib, Tehronni muzokara stoliga qaytarishni so‘ragan. Keyinchalik AQSh taklifi Pokiston kanali orqali Eronga yetkazilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Bu holatning o‘zi juda muhim signal.
 
Vashington Tehron bilan bevosita muzokarada kerakli natijaga erisha olmayotgani sababli, mintaqadagi vositachilar tarmog‘iga tobora ko‘proq tayanmoqda. Ya’ni, AQShning bosim siyosati saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, diplomatik aloqa uchun uchinchi tomonlarga ehtiyoj kuchaymoqda.
 
Eron esa bu vositachilikni to‘liq rad etmayapti. Aksincha, Pokiston tashabbusiga ijobiy munosabat bildirilmoqda. Biroq Tehron bir vaqtning o‘zida AQShning “bosim va qo‘rqitish” siyosatini o‘zgartirishini talab qilmoqda.
 
Demak, Eronning pozitsiyasi: muzokaraga qarshi emasmiz, ammo muzokara shartlarini Vashington bir tomonlama belgilamaydi.
 
Qatar ham AQSh va Eron o‘rtasidagi aloqa kanallarini faol ushlab turibdi. Doha vakillarining har ikki tomon bilan muntazam telefon muloqotlari olib borayotgani va Pokiston bilan birgalikda muzokaralarni qayta tiklash yo‘llarini izlayotgani qayd etilgan.
 
Ammo Qatar Ummon kabi faqat texnik masalaga yopishib qolmayapti. Doha uchun Ho‘rmuz muammosi mintaqaviy masala hisoblanadi va uning yechimi ham mintaqaviy bo‘lishi kerak.
 
Shu jihatdan uchta kanal o‘rtasida o‘ziga xos taqsimot shakllanmoqda: Ummon – texnik muzokara; Pokiston – siyosiy vositachilik; Qatar – kengroq mintaqaviy diplomatik kanal.

Strategic Focus: Central Asia
🔥3❤2👍1💩1
August 26, 2026 5.5K 4