Ba’zan bir nechta variant orasida qaror qabul qilayotganimizda, aslida variantlarning o‘zini emas, ularning ustiga qo‘yib olgan narsalarimizni solishtirayotgan bo‘lamiz.
Tarozi: Pul - bitta tosh. Oila - boshqa tosh. Barqarorlik, qo‘rquv, boshqalarning fikri, hozirgi ish, vaqt va yo‘qotishdan qo‘rqish - yana boshqa toshlar.
Muammo bu toshlarning borligida emas. Ularning barchasi hayotimizda real ahamiyatga ega. Lekin ko‘pincha ayrimlari tarozida keragidan ortiq og‘irlik bilan turib qoladi. Shunchalik og‘irlashadiki, oxir-oqibat o‘z xohishimiz, qiziqishimiz va shaxsiy irodamiz ularning ostida ko‘rinmay qoladi. Shunda biz aslida qaror qabul qilmaymiz - tarozida eng og‘ir bosayotgan narsaning tomoniga og‘amiz.
Shuning uchun ba’zan o‘sha toshlardan birini vaqtincha olib qo‘yib ko‘rish foydali. Masalan, “Agar pul muammo bo‘lmaganida, qaysi yo‘lni tanlagan bo‘lardim?” deb. Keyin “Agar oilaviy majburiyatlar bo‘lmaganida-chi?”, “Agar muvaffaqiyatsizlikdan qo‘rqmaganimda-chi?” deb ko‘rib chiqish mumkin. Balki javob o‘zgarar.
Bu pulni, oilani yoki xavfsizlikni hisobga olmaslik degani emas. Aksincha, ularning qarorimizga qanchalik ta’sir qilayotganini ko‘rish uchun ularni vaqtincha chetga surish. Keyin hammasini yana taroziga qaytarish kerak. Chunki obyektiv qaror - muammolarni yo‘q deb tasavvur qilib qabul qilingan qaror emas. Avval o‘zimiz nimani xohlayotganimizni, keyin real sharoit nimani talab qilayotganini alohida ko‘ra olish va oxirida ikkalasini birga tortish.
Menimcha, ba’zan qaror qabul qilish uchun yangi ma’lumot kerak emas. Tarozida eng og‘ir bosib turgan narsani bir lahzaga olib qo‘yishning o‘zi yetarli. Shunda biz boshqa tomonda aslida nima borligini ko‘ramiz.
Aytgancha, bu postni pul uchun yozmadim. Kanalni ham pul uchun yuritmayman. YouTube’da ham xuddi shunday.
Lekin taroziga bu faktorning o‘zini ham qaytarib qo‘yay. Xohlasangiz, o‘zingiz istagan og‘irlikda qo‘shishingiz mumkin:
👉 https://taps.uz/qudrat
August 19, 2026 114