Men uzoq vaqt muammoni o'zimdan qidirdim. Nega bunchalik ko'p xato qildim? Nega ba'zi narsalarni kech tushundim? Nega shuncha vaqtni yo'qotdim? Avvaliga javob oddiy tuyulardi: demak yetarlicha aqlli emasman, demak yetarlicha harakat qilmaganman. Lekin vaqt o'tgani sayin bu javob meni qoniqtirmay qo'ydi.
Chunki ortga qarab, hayotimdagi xatolarni birma-bir ko'ra boshlaganimda g'alati narsani payqadim. Ularning juda ko'pi aslida meniki emas edi. Men shunchaki mendan oldin yashagan odamlar qilgan xatolarni takrorlagan edim. Faqat ularning xulosalari menga yetib kelmagan. Balki yozilgan, balki aytilgan, balki umuman yashab ko'rsatilgan. Lekin men ularni o'z vaqtida uchratmaganman.
Menga hayotning tartibi borligini o'rgatishgan. Yetarlicha o'qisang yaxshi ish topasan, yaxshi ishlasang qadrlanasan, halol bo'lsang albatta yutasan, deyishgan. Men bunga ishonganman. Ular meni aldash uchun emas, o'zlari ham shunga ishongani uchun aytishgan. Chunki hayotni tartibli deb tasavvur qilish xaosni tan olishdan ancha yengil.
Keyin hayotning o'zi dars bera boshladi.
Neft-gaz sohasida muhandislikka o'qidim. Menga bu mamlakatning strategik yo'nalishlaridan biri deyishgan. Lekin diplom olganimdan keyin tushundimki, ba'zan jamiyatning va'dalari bilan uning haqiqiy ehtiyojlari bir-biridan juda uzoqda bo'lar ekan. Men yillarimni sarflagan bilim bozor uchun deyarli ahamiyatsiz edi. Moslashishim kerak.
Kimyo o'rgata boshladim. Men uchun kimyo formulalar to'plami emas. U tabiatning tili. Olamning ichki mantigʻi. Insonni hayratlantiradigan go'zallik. Men shuni ko'rsatmoqchi bo'ldim. Lekin bozor mendan hayratni emas, test natijasini sotib oldi. Ota-onalar farzandining tabiatni tushunishini emas, universitetga kirishini xohlashdi. Moslashishim kerak. Men ularni ham ayblay olmayman. Tizim ularni shunday yashashga majbur qilgan.
Marketing bilan shug'ullandim. Menimcha, avval mahsulotni yaxshilash kerak, keyin reklama qilish. Bozor esa ko'pincha buning teskarisini mukofotlaydi. Ba'zan eng yaxshi mahsulot emas, eng baland ovoz yutadi. Ba'zan eng foydali g'oya emas, eng yaxshi sotilgan g'oya g'olib bo'ladi. Moslashishim kerak. (Gʻoliblikni nimaga qarab oʻlchash ham bor, ya'ni bu fikrni chuqurroq koʻrib chiqish kerak)
Bundoq olib qarasamchi, oʻzi... Men xato o'ylayapmanmi? Yoki men yashayotgan tizim boshqa qonunlar bilan ishlaydimi?
Moslashish borgan sari baxtsizlikka, vijdon oldidagi ogʻir savollarga qarab olib boradi.
Hali ham bunga aniq javobim yo'q.
Lekin bitta narsani tobora ko'proq his qilyapman. Men yozayotganimning sababi odamlarni o'zgartirish emas. Men dunyoni ham bir o'zim o'zgartirolmayman. Lekin dunyo mendan keyin ozgina bo'lsa ham yaxshiroq bo'lishi mumkin degan umiddan heech voz kecholmayman.
Balki kimdir men qilgan xatoni qilmas. Balki u men yo'qotgan yillarni yo'qotmas. Balki unga ham hayotning tartibi bor deb aytishar, lekin u xaos ham bu dunyoning ajralmas qismi ekanini ertaroq tushunar. Balki u oʻz qadri bilan bozor bahosini bir narsa deb o'ylamas. Balki u men yig'lagan sabab bilan yig'lamas. Balki uning farzandi undan ham kamroq xato qilar.
Menimcha, taraqqiyotning asl ma'nosi ham shu. Har safar yangi narsa ixtiro qilish emas. Har safar eski xatolarni kamroq takrorlash.
Qudrat+ ham aslida shu illuziyadan tug'ilgan. Bu yerda men tayyor javoblarni yig'mayman. Men hayot mendan evaziga olgan narsalarni, evaziga bergan tushunchalarni yig'aman. Men haqiqatni topgan odam emasman.Men yozayotganlarimning hammasiga ishonmayman. Men ularni tekshirish uchun yozaman. Chunki fikr qog'ozga tushgandan keyingina unga qarshi chiqish mumkin. Ichingda qolgan fikr esa doim haq bo'lib tuyuladi. Balki o'n yildan keyin bugungi fikrlarimning ayrimlariga o'zim qarshi chiqarman. Lekin sukut saqlashni istamayman.
Chunki eng katta yo'qotish xato qilish emas.
Eng katta yo'qotish - har bir avlodning o'sha xatolarni yana boshidan boshlashi.
Agar yozganlarim sabab bir kun kelib bitta insonning yo'li ozgina bo'lsa ham qisqarsa, bitta oilada kamroq og'riq bo'lsa, bitta bola yaxshiroq dunyoda ulg'aysa, menimcha, yozishga sarflangan umr bekor ketmagan bo'ladi.
1
August 13, 2026 202