MEN NECHUN SEVAMAN OʻZBEKISTONNI..
Men nechun sevaman Oʻzbekistonni,
Tuprogʻin koʻzimga aylab toʻtiyo.
Nechun vatan, deya yeru osmonin,
Muqaddas atayman, atayman tanho.
Aslida dunyoda tanho nima bor?
Paxta oʻsmaydimi oʻzga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku, butun Osiyo.
Men nechun sevaman Oʻzbekistonni,
Bogʻlarin jannat, deb koʻz-koʻz etaman.
Nechun ardoqlarkan tuprogʻini men,
Oʻpaman, tuprogʻing bebaho, Vatan!
Aslida tuproqni odil tabiat,
Taqsim aylagan-ku, yer yuziga teng
Nechun bu tuproq, deb yigʻladi Furqat,
O, Qashqar tuprogʻi, qashshoqmiding sen?
Men nechun sevaman Oʻzbekistonni?
Sababini aytgin, desalar menga.
Shoirona, goʻzal soʻzlardan oldin,
Men taʼzim qilaman ona xalqimga:
Xalqim, tarix hukmi seni agarda,
Mangu muzliklarga eltgan boʻlsaydi,
Qorliklarni makon etgan boʻlsayding,
Mehrim bermasmidim oʻsha muzlarga?
Vatanlar, Vatanlar, mayli, gullasin,
Bogʻ unsin mangulik muzda ham, ammo,
Yurtim, seni faqat boyliklaring chun
Sevgan farzand boʻlsa, kechirma aslo!
Abdulla Oripov
@Pseudonevrolog
