❗️Barcha yurtdoshlarimizga murojaat
Ertaga — 1-sentyabr, Mustaqillik kuni. 35 yillik yubiley keng nishonlanadi.
Negadir biz mana shu kabi katta bayramlarda bayroqdan keng foydalanmaymiz. Balki bunga uzoq yillar davomida amal qilgan cheklovlar sabab bo‘lgandir, kim bilsin.
Masalan, ko‘plab yurtdoshlarimizning uyida bir dona ham bayroq yo‘q. Uylarimiz tomiga, derazalariga yoki eshigimiz tepasiga bayroq ilib qo‘yishga odatlanmaganmiz. Buni faqat davlat ishida ishlaydigan yoki biron amalda o‘tirganlar qilishi mumkin, deb o‘ylaymiz.
Aslida unaqa emas. Bayroq hammamizniki. Undan barchamiz birdek foydalana olamiz. Hurmatini joyiga qo‘ysak, kifoya.
‼️Yangi chorlov:
Kelinglar, ertaga bayram kuni hamma ko‘chaga bayroq bilan birga chiqsin. Mayli, hamma emas, kimda shunday imkoniyat bo‘lsa, deylik.
Bunda quyidagilardan istalgan birini qilsangiz bo‘ladi:
➖yelkangizga tashlab olish;
➖sharf qilib bog‘lab olish;
➖kichkina bayroqni qo‘lingizda ko‘tarib yurish;
➖tasma shaklidagi bayroqni ko‘ksingizga qadab olish;
➖mashinangiz orqa oynasi yoki kapotini katta bayroq bilan bezatish yoxud kichkinasini biron joyiga qistirib qo‘yish;
➖uyingiz tomiga, derazasiga, eshigiga, balkoniga yoki boshqa shu kabi balandroq joylarga bayroqni ilib qo‘yish;
➖va yana shu kabi istalgan ko‘rinishdagi hurmat saqlangan variantlar ma’qullanadi.
Buni har yili milliy odatga aylantirishimiz kerak, menimcha. Chunki bayroq millati, irqi, jinsi, yoshi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, barcha o‘zbekistonliklarni birlashtiradigan davlat ramzidir!
Birligimizga ko‘z tegmasin! Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin! Yurtimizga ko‘z tegmasin, ilohim🤲
🔘 @xushnudbekuz