Quyidagi ramazon haqida gaplarni har yili eshitamiz:
“Ramazon — baraka oyi.” Barakali, muborak oy. Deyarli hamma narsada baraka bor: savoblar bir necha barobar ko‘paytiriladi. Jannat eshiklari ochiladi. Shaytonlar zanjirband qilinadi. Oyning oxirlarida esa ming oydan afzal bo‘lgan muborak kecha bor.
Har yili bu gaplar motivatsion ma'ruzalarda, darslarda, takrorlanadi. Shuning uchun bizni yarim tunda uyg‘otishsa ham, ularni avtomatik tarzda ayta olamiz, ular allaqachon ong ostimizga singib ketgan. Ammo hech o‘ylab ko‘rganmisiz: buning evaziga sizdan nima talab qilinadi?
Menimcha, ko‘pchilik barakani avtomatik ravishda keladigan bir muhit deb tasavvur qiladi. Go‘yo oy kirishi bilan baraka ham osmondan tushadi — xuddi ob-havodek. Qor yog‘ishi uchun biz hech nima qilmaymiz-ku, shunchaki tashqarida yuramiz va u mayin yog‘averadi.
Shu sababli ko‘pchilik shunday o‘ylaydi: agar Ramazonda shunchaki ro‘za tutsa, namoz o‘qisa, tarovehga borsa, Qur’on xatm qilsa— baraka avtomatik ravishda yog'iladi. Axir bu Ramazon-ku.
Biz Ramazonni go‘yo ruhiy “quvvatlash stansiyasi” deb tasvirlaymiz: ulan, biroz kut — qolganini baraka o‘zi qiladi.
Imoning sustlashdimi? Ramazon tuzatadi.
Qalbing Allohdan uzoqlashdimi? Ramazon uni yumshatadi.
O‘n bir oy namozni tashlab qo‘ydingmi? Ramazon seni yana tartibga qaytaradi.
Lekin… aslida bu narsa ish bermasachi?
Ha, bu oyda Jannat eshiklari ochiq, lekin unga kirishga loyiq bo'lish kk.
Ha, bu oyda shaytonlar zanjirband, ammo mening nafsim esa ikki barobar ishlayapti.
Bu haqda juda kam gapiriladi: tashqi dushman yo‘qolganda, ichki dushman uning o‘rnini to‘ldiradi. Nafsga shayton ham shart emas, u o‘zi yetarli. Axir u mening barcha odatlarimni biladi. Butun umr meni o‘rganib chiqqan. U menga o‘z ovozim bilan pichirlaydi — shuning uchun ham men unga ergashib ketaman.
Ramazon paytida tez-tez eshitadigan yana bir hadis bor. Payg‘ambar ﷺ dedilar:
“Kim ro‘za paytida yolg‘on gap va yomon amallarni tark etmasa, Alloh uning yeb-ichishini tark etishiga muhtoj emas.” (Buxoriy, 1903)
Odatda bu hadisni ogohlantirish sifatida qabul qilamiz: ro‘za tutayotganingda o‘zingni yaxshi tut, yolg‘on gapirma, g‘iybat qilma, tiling ro'zangni buzib yubormasin.
Ammo charchagan, uyqusiz, holdan toygan paytingda bu hadis haqida chuqurroq o‘ylasangiz, u ogohlantirishdan ko‘ra tashxisga o‘xshaydi. Alloh “senga ro‘za kerak emas” demayapti. Ma’no shuki: ro‘za hech qachon faqat och qolishdan iborat bo‘lmagan.
Ochlik — bu vosita.
Agar bu vosita ichki o‘zgarish uchun ishlatilmasa — ya’ni men shunchaki jismoniy cheklovlarga sabr qilib, o‘zim ustimda chuqur ishlamasam — bu faqat samarasiz azob bo‘lib qoladi. Allohga bu kerak emas. Chunki U ro‘zani oddiy ochlik uchun emas, ancha ulug‘ maqsadlar uchun farz qilgan. Ammo ko‘pchilik yuzaki tushunib qolgan.
Mana shu yerda baraka haqidagi savolga javob keladi.
Baraka — bu hissiyot emas.
Bu shunchaki “kayfiyat” yoki zamonaviy til bilan aytganda “vibe” emas.
Baraka — bu sen idishni nima bilan to‘ldirganingning mevasi:
Shikoyat qilging kelganda tilingni tiyish;
📌 harom narsa ko‘z oldingga kelganda nigohni tushirish;
📌 seni xafa qilganga keskin javob qaytarging kelganda qalbni yumshatish.
Bu passiv tajriba emas. Bu — sening harakating. Baraka esa shu harakatga mutanosib ravishda o'sib boradi/unib boradi.
Bo‘m-bo'sh ro‘za bu tana och qoladi, ammo til erkin, ko‘z haromga qaraydi, qalb tashvish va g‘amlar bilan to‘lib turadi. Bunday ro‘zada baraka deyarli bo‘lmaydi. Alloh uni bermagani uchun emas — balki baraka o‘sadigan joyning o‘zi yo‘qligi uchun.
Axir urug‘ni asfalt ustiga sochib qo‘yib, yomg‘irni ayblab bo‘lmaydi.
Ummu Fotih
T.me/muslima_onalarr