JARAYON 🏘 Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva fuqarolarning ijtimoiy… — QURILISH VA UY-JOY KOMMUNAL XO'JALIGI VAZIRLIGI — TG.ME

#JARAYON

🏘 Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva fuqarolarning ijtimoiy tarmoqlar orqali yo‘llagan murojaati asosida Toshkent shahri Yashnobod tumani Aviasozlar 4-mavzesi 33-uyda bo‘lib, aholi bilan uchrashdi.

O‘rganish davomida uy-joyning umumiy holati, yerto‘la qismi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari hamda “Yashnobod master servis” BSK tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar yuzasidan aholining murojaat va e’tirozlari ko‘rib chiqildi.

Jarayon davomida muammolarning yuzaga kelishida nafaqat xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot, balki ayrim hollarda aholining o‘z mas’uliyatiga yetarlicha e’tibor qaratmayotgani ham qayd etildi. Xususan, oqova suv tizimiga turli chiqindilarning tashlanishi, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot xodimlarining muammolarni bartaraf etishi uchun ayrim joylarga kirish imkoniyati ta’minlanmagani ta’kidlandi.

Shu bilan birga, boshqaruv organi tomonidan ko‘p kvartirali uy yerto‘lasida internet va boshqa aloqa kabellari tartibga keltirilmagani, sanitariya va texnik holatni yaxshilash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurligi qayd etildi. Aholining kommunal xizmatlar bo‘yicha mavjud qarzdorligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

🔵 Uchrashuvda ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organini tanlash, avvalo, uy mulkdorlarining xohish-istagi va qarori asosida amalga oshirilishi qayd etildi. Shu bilan birga, qaysi boshqaruv organi tomonidan xizmat ko‘rsatilishidan qat’iy nazar, u amaldagi talablar asosida o‘z zimmasidagi majburiyatlarni sifatli va o‘z vaqtida bajarishi lozimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida uy aholisining asosiy qismi tomonidan bildirilgan fikr va takliflar inobatga olinishi, aniqlangan muammolarni bartaraf etish hamda hududda tartibni ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi. Muammolarni ikki kun muddatda hal etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

Rasmiy sahifalarimizga a'zo bo'ling
👇
|🌍Web| 📸Instagram|💬Facebook|😎Telegram| 📹Youtube|
👏3❤2🔥2🕊1
September 5, 2026 1.3K 18