Xalqaro_hamkorlik 📍 XITOY KOMPANIYALARI BILAN QURILISH VA ISSIQLIK… — QURILISH VA UY-JOY KOMMUNAL XO'JALIGI VAZIRLIGI — TG.ME

#Xalqaro_hamkorlik

📍 XITOY KOMPANIYALARI BILAN QURILISH VA ISSIQLIK TA’MINOTI SOHASIDAGI HAMKORLIK MUHOKAMA QILINDI

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Xitoyning China Railway Prefabricated Xinjiang Construction Development Co., Ltd. hamda Hengkang Technology Kenya Co., Ltd. kompaniyalari delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, yig‘ma va industrial qurilish yechimlarini keng joriy etish, yashil qurilish materiallaridan foydalanish, po‘lat konstruksiyalar ishlab chiqarish hamda EPC asosidagi kompleks loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, qurilish va kommunal infratuzilma sohasidagi istiqbolli loyihalarni EPC+F va davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Uchrashuvda issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, kogeneratsiya stansiyalari va zamonaviy issiqlik markazlarini barpo etish, shuningdek, geotermal nasos texnologiyalarini joriy etish istiqbollari ham muhokama qilindi.

🔵 Tomonlar O‘zbekistondagi istiqbolli issiqlik ta’minoti loyihalari bo‘yicha ma’lumotlarni almashish, Xitoy kompaniyalari tomonidan ushbu loyihalarni o‘rganib chiqish hamda moliyalashtirish va hamkorlik shartlari yuzasidan takliflar ishlab chiqish bo‘yicha kelishib oldilar.

Bundan tashqari Xitoyda qo‘llanilayotgan yig‘ma qurilish standartlari va texnik talablarini o‘rganish, ilg‘or texnologiyalar orqali qurilish samaradorligini oshirish hamda qurilish jarayonlarining ekologik ta’sirini kamaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.

Uchrashuv yakunida hamkorlar muzokaralarni ishchi tartibda davom ettirish, loyiha va texnik materiallar bilan almashish hamda aniq loyihalar bo‘yicha samarali hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Rasmiy sahifalarimizga a'zo bo'ling
👇
|🌍Web| 📸Instagram|💬Facebook|😎Telegram| 📹Youtube|
❤3🙏1👌1🕊1😍1
September 4, 2026 1.2K 7