Urush... Unda qatnashish, oʻlimlarni koʻp koʻrish, unga koʻnikib ketish inson uchun bir fojia boʻlsa, urushdan tirik qaytish yana bir fojiadir. Urushdan qaytganlarni koʻrib koʻpchilik havas qiladi, qirgʻindan omon chiqdi deb suyunadi. Aslida-chi? Aslida urush koʻrganlar avvalgi hayotida yashay oladimi? Aslo! Endi ularni xotiralar tinch qoʻymaydi. Urushda oʻldirgan insonlari tushlariga kirib undan jon talab qilishadi. Bu ahvolda yana qancha tirik qolish mumkin? Urushda ruhini, qalbini tashlab kelgan insonni tirik deyish mumkinmi?
*Abdurashid Nurmurodov*ning mazkur romani ham urush haqida. Afgʻon urushi haqida. Nima uchun jang qilayotganini ham tushunmay, qoʻliga qurol olib odam oʻldirishga moslashib ketgan, urushdan keyin esa qon hidini sogʻinib yashagan taqdirlar haqida.
“Qon hidi”! Asarning nomiyoq oʻquvchini seskantiradi. Oʻqishni boshlaganingizdan soʻng dastlab qoʻrquv uygʻonadi. Chavaqlangan insonlar, mina portlashi natijasida sochilib ketgan ichagini qorniga joylamoqchi boʻlib qotib qolgan qo’llar... Tasavvur qilishning oʻzi dahshat! Lekin dastlabki boblardanoq urush muhitiga singib ketganingizni, oʻsha yerlarda siz ham yurganday, pistirmada dushmanni kuzatayotganday his qilishingizni sezmay ham qolasiz. Endi oʻldirilgan odamlar sizni vahimaga solmaydi, oʻlimga koʻnikib qoladi nigohimiz. Qahramonimiz uchun esa dushmanlarni oʻldirish, ularni xoʻrlash oddiy holga aylanib qolgan. Oʻldirmasang, seni oʻldirishadi axir. Umrining atigi sanoqli yillarini jangda oʻtkazgan inson keyingi hayotidan ham mahrum boʻladi. Endi u tinch hayotga koʻnika olmaydi. Xotirjam uxlash unga begona. Koʻz yumdi deguncha janglarga takror va takror qaytaveradi. Urushdan qaytganda tinch yashashni orzu qilgan hayoti rostdan ham tinchmi? Tinch hayotda fojiali oʻlimlar yoʻqmi? Urushdagi sevgilisini xotirlagani uchun eridan kaltak yeb oʻlgan Shirinoy, boqib yurgan moli fermer dalasiga kirib ketgani uchun urib oʻldirilgan norasida Safar, oʻqituvchilikning oyligiga roʻzgʻor tebrata olmay, biznes qilmoqchi boʻlgan Shakar va uning oilasi fojiasi, Surxondaryodan Toshkentga kelib, oʻqishga kira olmay, uyiga bir qop un olib borish ilinjida arava torgan, lekin maqsadiga yetmay halok boʻlgan Tohir...
Ular urushda emas edi-ku! Savollar, savollar...
Afg’on urushi, uning qatnashchisi ruhiyati, oʻy-xayollari, tinch hayotda koʻgan, urushdagidan kam boʻlmagan voqealari haqida bilmoqchimisiz? Haqiqiy yolg’izlik qanday boʻlishi haqida tushunchaga ega boʻlmoqchimisiz? Unda bu asar siz uchun! Tavsiya qilaman!
✍Kitobxon


