«Assalomu alaykum!
Men Sizni esladim.
Balki gunoh ish qilgandirman, lekin o‘z enamdek bo‘lib qolgan mehribon qo‘shnimizning ko‘nglidan o‘tolmay, maktubingizni oldim. Javob yozaymi-yozmaymi deb, bir haftani o‘tkazdim. Axir bu maktubning ortida inson ko‘ngli turibdi-ku, deb o‘yladim so‘ng. Allohning o‘zi kechirsin!
O‘sha kuni olamning rangi boshqacha edi debsiz va bu go‘zallikning ijodkorini xato aytibsiz. Hamma narsaga qodir faqat Allohdir. Alloh taolo beadad va betimsol husn sohibidir. Ul zoti mukarram o‘zining beadad jamolining beadaddan bir ulushini biz bandalariga ham ato etmish. Bizlar bundan iftixor qilmog‘imiz va Yaratganga shukronalar aytmog‘imiz lozim. Biz barchamiz go‘zalmiz.
Hozirgi aytadigan gapimni nokamtarlikka yo‘ymagaysiz. Illo uning ma’nosini keyinroq tushungaysiz, inshoolloh.
Siz Farhod bo‘lolmassiz, men esa Shirin. Siz Otabek emassiz, lekin men Kumushlikka qodirman. Siz Anvar emassiz, ammo men Ra’no bo‘la olaman.
Men ham zaminiyman, emas osmonliq,
Vale shakkari sho‘r, biling, osonliq.
Namozlaringizda duo qilib turing. Ilohi, gunohlarimizni avf etsin!
Iltimosim — endi xat yozmang. Allohning o‘zi bir yo‘lga boshlagay.
Mumtozmahal.»
«Ayo ishq» hikoyasidan

