Biz boshqa ko'rmaymiz bir birimizni
Kuymaymiz visolning hijroni bilan
Qo'l ushlab orttirgan gunohimizni
Yuvamiz ko'z yoshning marjoni bilan.
Eslamaymiz hecham visol to'yini
Ichgan qasamlar ham shunchaki ro'yo
Sevgimizga guvoh anhor bo'yini
Yashagaymiz tushda ko'rgandek go'yo.
Biz boshqa ko'rmaymiz bir birimizni
Yolg'on maktublarni yoqamiz yig'lab
Xumori tutmaydi izlarimizni
Endi hech sevmaymiz yurakni cho'g'lab.
Barchasi bir zumda kul bo'ldi qoldi,
Xazonga aylandi sevgi gulshani
Biz yurgan yo'llarni izi yo'qoldi
Yo'qoldi sevgining nomusi sha'ni.
Biz boshqa ko'rmaymiz bir birimizni
Ko'rsak ham shunchaki o'tib ketamiz
Oxiriga eltib bu umrimizni
O'lsak ham suratni quchib ketamiz...
Biz boshqa ko'rmaymiz bir birimizni. . .
6
3
2
1
1August 16, 2026 548 6