32 Toshkent viloyati, Damariq, 04.09.2026 Ulug' oylarda, ulug' ayyom… — in'ikos — TG.ME

#32
Toshkent viloyati, Damariq, 04.09.2026

Ulug' oylarda, ulug' ayyom kuni bomdod vaqtida Allohning izni bilan ota bo'lish saodatiga erishdim. Qalbimdagi hislarni so'z bilan ta'riflab berishim qiyin.

Ushbu yozganlarim esa kelajakda o'z zurriyotlarim o'qishi uchun:

Sizlarga tanlash imkoni berilganida farishta emas, inson bo‘lishni tanlagansiz. Allohning hikmati bilan bu ahdni eslay olmaysiz. Ammo sizlarga berilgan insonlik — katta sharaf bilan birga katta mas’uliyat hamdir. Agar bu dunyoda solih amallar qilib, sinovlardan yorug' yuz bilan o'tsangiz, jannatdagi martabangiz farishtalarnikidan-da yuksak bo'ladi. Men sizlarning otangiz bo‘lish bilan birga, tarbiyangiz uchun mas’ul kishiman. Qiyomat kuni sizlarga qo‘ygan ismim, bergan tarbiyam va sizlarning amallaringizga sababchi bo‘lgan ishlarim haqida so‘ralishimni unutmayman. Shuning uchun sizlarga eng avvalo dunyoni emas, o‘zingizni va Robbingizni tanishni o‘rgatishga harakat qilaman.

Aslimizni va nega bu dunyoda ekanligimizni unutmang. Alloh Odam alayhissalomni loydan yaratib, unga ruh ato etdi. So‘ng barcha narsalarning nomlarini o‘rgatib, insonning ilm olish salohiyatini namoyon qildi. Farishtalar Allohning amriga itoat qilib, Odam alayhissalomga hurmat sajdasini qildilar. Faqat Iblis kibr qilib bosh tortdi va insonni yo‘ldan urishga qasam ichdi. Odam alayhissalom va Momo Havo xato qildilar. Ammo xatolarini anglab, tavba qildilar va Alloh ularni mag‘firat qildi. Ular Yerga shunchaki yashash uchun emas, Allohning amrlarini ado etib, uni obod qilish va xalifalik mas’uliyatini bajarish uchun tushirildilar.

Sizlar ham hayotingizni faqat o‘qish, kasb, pul, mansab va rohat bilan o‘lchamang. Bularning barchasi vosita. Asosiy maqsad esa — Allohning roziligi. Ilm oling. Hunar o‘rganing. Odamlarga manfaatli bo‘ling. Vataningizni seving. Ummatga foydangiz tegadigan inson bo‘ling. Ammo bularning barchasini Robbingizdan uzoqlashish evaziga qilmang. Insondan qoladigan narsa — uning iymoni, amallari va odobidir. Ikkala dunyoda ham din faqat bittadir, u ham bo'lsa Islomdir. Shuni aslo unutmang! Islom butun olamdir.

Oilamizga xush kelibsiz, Abdulloh o'g'lim! Sizni bu oilaga Alloh omonati sifatida qabul qildik. Endi sizning tarbiyangiz mening eng katta mas’uliyatlarimdan biri. Sizdan mukammal bo‘lishni emas, xato qilsangiz tavba qilishni, yiqilsangiz turishni, bilmasangiz o‘rganishni, kuchingiz yetsa yaxshilik qilishni va har qanday holatda Robbingizni unutmaslikni kutaman. Vataningizga, diningizga, millatingizga va ummatga manfaatli solih farzand bo‘ling.

Ey Robbim! Abdullohni va zurriyotlarimni iymonli, ilmli, odobli, taqvoli va insonlarga manfaatli bandalaringdan qilgin. Ularning xulqi va odobini Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq qilgin. Menga esa ularni tarbiyalashda to‘g‘ri so‘z, to‘g‘ri amal va sabr bergin, O'zing madadkor bolgin. O‘zim amal qilmay turib ulardan yaxshilik talab qilishdan asragin. Zurriyotlarimni menga sinov emas, ikki dunyoyim uchun najot sababchisi qilgin. Omin.
September 5, 2026 35