Hamma qatori odammiz, stressga kiramiz, jahlimiz chiqadi, tortishamiz, yarashamiz, ya’ni ijtimoiy tarmoqdagidek tekis ketmaydi hayot hech qachon.
Lekin bu vaziyatda bir muhim jihat borki, buni sizlarga ham bo‘lishmoqchiman. Ya’ni er-xotin o‘tirib, gaplashib ololmaydigan, ikkala taraf ham “pick”ka chiqqan holatlardagi yechim haqida aytmoqchiman.
Jahl chiqqanda aql ketadi, ikki tomon ham o‘zini haq deb biladi va har tomonlama o‘zini oqlab, partnyorini yomonlashga sabablarni qalashtirib tashlay oladi. G‘idi-bidi, kovla-kovlaning oxiri yo‘q, gap tagidan gap chiqib kelaveradi...
Bunday vaziyatda ota-ona yoki boshqa yaqin insonlar aralashadi hatto, vaziyatga munosabati, beradigan tavsiyasi, maslahatlari judayam muhim.
Deylik, bizda 90% holatda oilaviy do‘stlarimiz Numon akalar yordamga kelishadi. Mojaro ota-onamizgacha kamdan kam, o‘ta nodir holatlarda yetib boradi. Sitora esa ayasidan tasalli oladi ko‘pincha...
Oiladagi gapni ko‘chaga tashish emas bu, aksincha, jahling chiqqan vaziyatda o‘zingning aqling yetmayotgan vaziyatga chetdan yordam so‘rash deb qarayman men.
Endi xulosa oladigan jihat: na Numon aka menga qo‘shilib ayolimni yomonlaydi, na ayasi Sitoraga qo‘shilib meni yerga uradi, nima deyishimizdan qat’i nazar. Ikkalamizga ham javob har doim bitta: o‘zing aybdorsan, ja oppoq emassan, tan olishni o‘rgan, o‘zingda ham ayb bor!
Atrofingizda mana shunday insonlar borligi eng katta yutug‘ingizdir. Vaziyat qanchalik jiddiy bo‘lmasin, “qars” ikki qo‘ldan chiqishini bilib, hovuringizdan tushira oladigan, aqlingizni joyiga keltiradigan insonlar borligi oliy ne’matdir.
Kimgadir ishonib dardingizni aytganingizda, sizni ko‘kka ko‘tarib, partnyoringizni yomonlashga harakat qilyaptimi, undan uzoqlashish kerak!
Er-xotin urushi doka ro‘mol qurishi degan gap bor. Imkon boricha bunaqa noxush holatlar bo‘lmasin, tashqariga chiqmasin, lekin vaziyatni o‘nglashga yolg‘iz o‘zingizning aqlingiz ojizlik qilib, jahl ustun kelyaptimi, dardingizni dasturxon qilishga noto‘g‘ri odam tanlab qo‘ymang. Oxiri voy bo‘ladi...
@Ijoddardi






