Ozardan molingni, turkdan ahli ayolingni, chechenlardan joningni qo‘ri, degan gap eshitgandim...
Mehribon, samimiy, yordamsevar turklar ko‘p atrofimda. Lekin niyati buzuq, ayollarga suyagi yo‘q, shilqimlari ham talayginaligini yaqinda payqadim.
Qariya ustamiz bor, 60 dan oshgan, hademay ishdan ketadi, qo‘limdan ancha ish kelib qolgani uchun o‘rniga o‘zim qolib, oyligimni ko‘tartirvolaman, deb yurgandim.
Tunov kun bilsam, boboy Anqarada ishlaydigan turkmanistonlik kampirchalar bilan gaplashib yurarkan, bir paytning o‘zida 2-3 tasi bilan hatto. Bir ayolning shar’iy nikohli eri bo‘la turib bu bilan gaplashadi, eridan nolib, ajrashish yo‘llarini o‘rganyapti. Bobo bo‘lsa unga o‘zini variant qilib ko‘rsatib kelarkan :)
Uchalasi ham “Beyim” deb chaqirarkan. Har juma kunlari alohida videoxabar jo‘natishadi xayrli jumalar deb, ustaning masjidda tushgan rasmlariga klip tayyorlab. Men buni keksa desam...
Jahlim chiqqani, qishloqda ayoli borda buning, kap-katta bolalari bor uyli-joyli. Bo‘ydoq, kimsasiz bo‘lsa ham to‘g‘ri tushunardim...
Krossovka va sportivkachalarni kiyvolib, qo‘lidan kamdan kam tushadigan tarog‘i bilan sochni orqaga tarab turkmanistonlik ayollarning boshini aylantirishiga xo‘p degandim. Lekin...
Uch nafar farzandli, 5-6 oycha oldin eri olamdan o‘tgan beva ayol bor ishxonada, yoshi 40 lar atrofida. Ko‘p ustalar uning yonida girdikapalak bo‘lib qoldi yaqin oralar, yordam berishadimiyey, sovg‘alar qiladimiyey. Hali marhumning tuprog‘i sovumagan munday olib qarasang...
Beva ayol ham hech kimning ra’yini qaytarmaydi, hammaga yaxshi gapiradi, yordamini qabul qiladi va hokazo. Ishlamay desa ijara uyda, uch farzandning xarajati, o‘qishi, to‘y qilaman deb turibdi...
Ustamiz o‘z oilasi, turkman ayollardan ortib, beva turk ayolga ham befarq emas ekanda. Haligi girdikapalak boshqa ustalar bilan janjal ham qilishdi hatto, xullas krinj, g‘alati bo‘larkan juda...
Chalkash. Qora ishdagi turklarni yaqindan endi-endi tanib boshladim va tobora asabim qo‘zib, savol va shubhalarim ortib ketyapti...
Bu namozxon, har gapida Qur’ondan gapiradigan, bo‘sh bo‘ldim deguncha tasbehini chiqarib, zikr chekib o‘tiradigan ustamiz ahvoli. Endi tasavvur qilavering...
Birovning aybini ochish fikridan yiroqman. Zotan ism aytmadim umuman. Shunchaki musulmon davlat bo‘lsa ham ehtiyot bo‘lishni, mana shu jihatlarni hisobga olishni eslatmoqchiman. Hamma chiroyli gapiradigan yordamsevar turk ham yaxshi niyatda bo‘lavermaydi...
Bularni ko‘rdimu, oilamga yaxshi sharoit qilish, ayolimga mahrni kattaroq to‘lash, qo‘limdan kelgancha o‘qitish, farzandlarimni ham ilmli qilish qanchalar muhimligini tushundim. Toki Xudo ko‘rsatmasin, to‘satdan o‘lib-netib qolsam, qiynalishmasin, yonida shunday shoqollar o‘ralashmasin, zorlik ko‘rmasin, e’tibortalab bo‘lib qolishmasin...
@Ijoddardi