O‘ZBEKISTON VA XITOY: MADANIY MEROS SOHASIDAGI HAMKORLIK YANGI BOSQICHDA
Bugun, 7-sentabr kuni Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy tadqiqot instituti delegatsiyasi Pekin shahridagi Xitoy Milliy san’at akademiyasiga (Chinese National Academy of Arts) tashrif buyurdi.
San’atning sakkiz yo‘nalishi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot olib boradigan akademiya Xitoyning san’at, madaniyat va madaniy meros yo‘nalishidagi nufuzli ilmiy markazlaridan biri hisoblanadi.
Uchrashuv davomida ilmiy tadqiqotlar, xalqaro hamkorlik va nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylashning zamonaviy mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi. Ayniqsa, Xitoyning UNESCO doirasidagi boy amaliy tajribasi – nomoddiy madaniy meros elementlarini xalqaro miqyosda ilgari surish, nomzodnomalarni tayyorlash va taqdim etish jarayonlari muhokama qilindi.
ISTIQBOLDAGI HAMKORLIK REJALARI
Tomonlar hamkorlikni bir martalik uchrashuv bilan cheklab qolmasdan, uni tizimli va uzoq muddatli formatga olib chiqish bo‘yicha kelishib oldi.
Kelgusida: xalqaro ilmiy treninglar va seminarlar tashkil etish; ikki mamlakat mutaxassislari o‘rtasida muntazam tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish; nomoddiy madaniy merosni tadqiq etish bo‘yicha qo‘shma ilmiy loyihalarni amalga oshirish; UNESCO doirasidagi tajriba va ekspertlik salohiyatini almashish; madaniy merosni xalqaro maydonda birgalikda targ‘ib qilish imkoniyatlarini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Mazkur tashrif O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi madaniy diplomatiya, ilmiy hamkorlik va madaniy meros sohasidagi xalqaro sheriklikni yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim platformaga aylanadi.
Samimiy va do'stona muloqot – tajriba almashinuvidan aniq loyihalarga, ilmiy aloqalardan xalqaro hamkorlikka tomon tashlangan navbatdagi muhim qadamdir.