HamKitob: post #860 — TG.ME

#ģazal

Ul qaro ko‘z ko‘zlariga surma bejo tortadur,
Balki andin dahr eli ortuqcha g‘avg‘o tortadur.

Qoshlari ostida go‘yo ikki fatton ko‘zlari,
Ikki hindu bachchadurkim, yondashib yo tortadur.

Telbalanmish zulfini savdosidin devonalar,
Qayg‘a borsa o‘lturib yerg‘a, chalipo tortadur.

Jon ila ko‘ngul taloshur, ey sanam, dardu g‘aming,
Birni sol ko‘nglumg‘a kim, jon birni tanho tortadur.

Kokilingdin bo‘y olgan bog‘ning tuprog‘idur,
Bog‘bon sotmoqqa doim mushku soro tortadur.

Ne bilur Yusuf ki, nozu husn ila mag‘rurdur,
Ul qadarkim, ishq dardini Zulayho tortadur.

Ishqni pinhon tutarg‘a bo‘lma shaydoyi ko‘ngul,
Mushk pinhon bo‘lsa, bo‘yi oshkoro tortadur.

Charxi kajraftorning bir shevasidin dog‘man,
Ayshni nodon surub, kulfatni dono tortadur.

Sorig‘ oltun kasrati ko‘ngulni aylaydur qaro,
Chunki safro bo‘lsa g‘olib o‘zga savdo tortadur.

Bulhavaslar torta olmas, nozaninlar nozini,
Furqatiydek bekasu sho‘rida rasvo tortadur.

Furqat
March 5, 2025 451 2