Farg‘ona viloyatida tadbirkorlik sohasida, ayniqsa, turizm yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan oilaviy korxonalar viloyatning sayyohlik salohiyatini targ‘ib qilish, mehmonlarga sifatli xizmat ko‘rsatish va yangi imkoniyatlar yaratishda muhim o‘rin tutmoqda.
Ana shunday tadbirkorlik subyektlaridan biri - Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan “Kokand Tourism agency” oilaviy korxonasidir.
Mazkur korxona faoliyatida xotin-qizlarning tashabbuskorligi, mehnatsevarligi va turizm sohasiga bo‘lgan qiziqishi alohida ahamiyat kasb etadi. Korxona rahbari Normatova Nargizaxon 6 yildan beri oilaviy korxona sifatida yo‘lga qo‘yilgan faoliyat orqali turizm xizmatlarini rivojlantirish, sayyohlarga qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish hamda Farg‘ona viloyatining turli shahar va tumanlaridagi sayyohlik imkoniyatlarini kengroq targ‘ib qilishga e’tibor qaratmoqda.
Bu jarayonda xotin-qizlarning faol ishtiroki sohaning yanada rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Farg‘ona viloyati o‘zining qadimiy shaharlari, tarixiy obidalari, milliy hunarmandchiligi, betakror tabiati va boy madaniy merosi bilan sayyohlar uchun katta qiziqish uyg‘otadi. Qo‘qon shahri o‘zining Xudoyorxon o‘rdasi, qadimiy me’moriy obidalari va hunarmandchilik an’analari bilan ajralib tursa, Marg‘ilon atlas va adras to‘qimachiligi, Rishton kulolchilik maktabi, Farg‘ona shahri zamonaviy infratuzilmasi va madaniy maskanlari bilan sayyohlarni o‘ziga jalb etadi.
Shuningdek, Quva shahrining qadimiy tarixi, Oltiariq va boshqa hududlarning tabiiy manzaralari, milliy taomlari hamda mahalliy urf-odatlari viloyat turizmini yanada boyitadi. Shu jihatdan, “Kokand Tourism agency” oilaviy korxonasi oldida nafaqat Qo‘qon shahri, balki Farg‘ona viloyatining barcha shahar va tumanlaridagi mavjud sayyohlik salohiyatini turistik xizmatlarga samarali aylantirishdek muhim vazifa turibdi. Bunda tarixiy obidalar, hunarmandchilik markazlari, milliy taomlar, tabiat maskanlari va mahalliy madaniyatni birlashtirgan turistik marshrutlar muhim ahamiyat kasb etadi.
Xotin-qizlarning mazkur yo‘nalishdagi faol ishtiroki esa turizmni rivojlantirish bilan bir qatorda, oilaviy tadbirkorlikni mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda.