Nima ishingiz bor odamlar bilan!
Yurakni qiynamang alamlar bilan
Olg'a yuring dadil qadamlar bilan
O'zi besh kungina bo'lgan dunyoda
Nima ishingiz bor odamlar bilan
Kimdir tillodan uy quraveradi
Kimlar faqat hayol suraveradi
G'iybatchi valdirab yuraveradi
Nima ishingiz bor odamlar bilan
Birovning haqqiga birovlar zormi
Bechora ko'ngillar shunchalik tormi
Yoki joningizda qasdingiz bormi
Nima ishingiz bor odamlar bilan
Boshqalar bekorchi, siz ishdamisiz
Boshqalar bahorda, siz qishdamisiz
O'zingizcha oppoq farishtamisiz
Nima ishingiz bor odamlar bilan
Umrimiz shamoldek shuvillab o'tar
Dunyoga hammasi bir kelib ketar
Haddingizni bilib yursangiz yetar
Nima ishingiz bor odamlar bilan
O'zi kiyganingiz eski bir janda
Yana gadolarni qilarsiz xanda
Omonat dunyoda, omonat banda
Nima ishingiz bor odamlar bilan
Yoshlik ham orqada qolibdi darrov
Tim qora sochlarga qo'nibdi qirov
Birovning go'riga sig'maydi birov
Nima ishingiz bor odamlar bilan
Kimlarning bo'ynida yo'q bitta savob
Kimlar Olloh nomin aylaydi tavob
Hamma o'zi uchun beradi javob
Nima ishingiz bor odamlar bilan
Kimdir dunyo g'amin ortib turibdi
Kimlar yana yarim yortib turibdi
Hamma aravasin tortib turibdi
Nima ishingiz bor odamlar bilan
Kulganlar o'lguncha kulaveradi
Yulg'ichlar bir umr yulaveradi
Hamma bilganini qilaveradi
Nima ishingiz bor odamlar bilan
Har lahza yaqinlar mehriga to'ying
Hayot qiziq turfa qadamlar bilan
O'zingizni biling, o'zgani qo'ying
Nima ishingiz bor odamlar bilan.
+998906783795
+998996683795.
(Mualliflik huquqi bilan himoyalangan)
Farhod Moʻmin. 31.07.2026 yil.
September 5, 2026 74