Faqat siz qarimay turing jon ona!
Yuragim qarida bitta tor xona
Eslasam eng katta dardi bor xona
Besh kunlik dunyoda, mening baxtimga
Faqat siz qarimay turing jon ona
Dildagi dardingiz bilmagunimcha
Siz uchun ko'p ishlar qilmagunimcha
Hajga bilet olib kelmagunimcha
Faqat siz qarimay turing jon ona
Sochingiz oqiga tushganda ko'zim
O'zimni aybdor sanayman o'zim
Bugun sizga aytay birgina so'zim
Faqat siz qarimay turing jon ona
Umrimiz yillari xuddi tor yo'lak
Har qadam bosganda og'riydi yurak
Dunyoda kimim bor o'zizdan bo'lak
Faqat siz qarimay turing jon ona
Sizsiz bu dunyodan soviydi ko'ngil
Davosiz dard bilan og'riydi ko'ngil
Kimligim unutib qo'yguncha butkul
Faqat siz qarimay turing jon ona
Ozgina qoldida, omadim kular
Tillo tangalarga quchog'im to'lar
Dunyoning ishlari ne bo'lsa bo'lar
Faqat siz qarimay turing jon ona
Jon desam jondagi uzilmas rishta
Omadim tilaysiz har bitta ishda
Dunyoda yagona tanho farishta
Faqat siz qarimay turing jon ona
Yuzingiz ajinga to'lmasin sira
Ko'zingiz g'amlardan bo'lmasin xira
Umrimning bahori mehribongina
Faqat siz qarimay turing jon ona.
+998906783795
+998996683795.
(Mualliflik huquqi bilan himoyalangan)
Farhod Moʻmin. 31.07.2026 yil.
September 4, 2026 56 2