Bugun respublikamizning barcha ta’lim muassasalarida bo‘lgani kabi G‘ijduvon tumanidagi 17-umumta’lim maktabida ham yangi – 2026-2027-o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan "Birinchi qo‘ng‘iroq" va "Bilimlar kuni" tadbiri yuqori saviyada o‘tkazildi.
Bayramona bezatilgan maktab hovlisida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda G‘ijduvon tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, maktab jamoasi, faxriy ustozlar, o‘quvchilar hamda ota-onalar ishtirok etdilar.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi. Shundan so‘ng, tuman IIB boshlig‘i so‘zga chiqib, barcha yig‘ilganlarni, xususan, ustoz va murabbiylarni, o‘quvchi-yoshlarni yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etdi. Marosim davomida muhtaram Prezidentimizning maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Yoshlarga yurtimizda ta’lim sohasida yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ularning xavfsiz va osoyishta muhitda bilim olishlari uchun amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tildi.
Ayniqsa, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan 1-sinf o‘quvchilari uchun bu kun chinakam unutilmas bayramga aylandi. Tuman IIB boshlig‘i va mutasaddilar jajji o‘g‘il-qizlarga o‘quv qurollari to‘plamidan iborat bo‘lgan "Prezident sovg‘alari"ni tantanali ravishda topshirdilar.
Tadbir yakunida an’anaviy birinchi qo‘ng‘iroq chalinib, o‘quvchilar yangi o‘quv yilining ilk mashg‘uloti – Mustaqillik darslariga kuzatildi.
🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube





