Buxoro IIB | Rasmiy kanal: post #123534 — TG.ME

Qorovulbozor tumani IIB boshlig‘i ishtirokida 2-maktabda "Birinchi qo‘ng‘iroq" tadbiri bo‘lib o‘tdi
Bugun Qorovulbozor tumanidagi 2-umumta’lim maktabida 2026-2027-o‘quv yilining boshlanishiga bag‘ishlangan "Bilimlar kuni" va "Birinchi qo‘ng‘iroq" tadbiri ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazildi.

Tantanali tadbirda Qorovulbozor tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, maktab jamoasi, faxriy ustozlar, o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdilar.

Marosim O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi sadolari ostida boshlandi. Shundan so‘ng, so‘zga chiqqan tuman IIB boshlig‘i yig‘ilganlarni, xususan, ustoz-murabbiylarni va bilim olishga chanqoq yoshlarni yangi o‘quv yili bilan samimiy muborakbod etdi. Tadbir davomida Davlatimiz rahbarining maktab o‘quvchilari va o‘qituvchilariga yo‘llagan bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. O‘z so‘zida tizim mas'uli yoshlarning xavfsiz muhitda, zamonaviy sharoitlarda ta'lim olishlari uchun ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga ham e'tibor qaratdi.

Tadbirning eng hayajonli qismi, shubhasiz, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan 1-sinf o‘quvchilariga bag‘ishlandi. Tuman IIB boshlig‘i va mutasaddilar tomonidan jajji o‘g‘il-qizlarga o‘quv qurollari to'plamidan iborat bo‘lgan "Prezident sovg‘alari" tantanali ravishda topshirildi. Bu e'tibor bolajonlarning qalbiga bir olam quvonch olib kirdi.

Tadbir yakunida yangi o‘quv yilining ilk qo‘ng‘irog‘i chalinib, barcha o‘quvchilar an'anaviy Mustaqillik darslariga kuzatildi.

🇺🇿 Rasmiy sahifalarimizni kuzatib boring:
Sayt|Telegram|Facebook|Instagram|YouTube
September 2, 2026 4.7K 4