“Tun edi. Chiroyli sukunat edi,
Osmon moviy edi, yulduzlar toʻla.
Ichimda bir Ovoz nimadir dedi,
Yurakka solindi tanish gʻulgʻula.
Yaqin kelaverdi, ketsam-da yiroq,
Negadir meni doʻst bilaverdilar.
Qochishga rosa ham urindim, biroq
Dardlar yopirilib kelaverdilar.
Dardlar ogʻir boʻldi, magʻrur koʻksimdan
Hech zum bita olmas yara ochdilar.
Rohatu sakiynat toʻlgan koʻzimdan
Abadan uyquni olib qochdilar.
Soʻngra oyogʻimni siltab yuztuban,
Sudray boshladilar haqiqat tomon.
Xilqatga boshimni koʻtarib tiyran
Ketdim, ketaverdim, bu azob yomon...
Dardlar qiziq ekan – qochib qutulsang,
Oldingdan yangisi qarshi olarkan.
Yurak dard ketidan dard kelaversa,
Oxiri oʻrganib ham qolarkan...
Bu dard deganlari oʻzing ham yetmay,
Qiynar ekan qondosh – bagʻru jigarni!
Ishon, rohatlanar ekansan bir kun
Bol deb ichirganda zaharni...
Dunyoga baqir, doʻst, faryodlar solib,
Axir, bu hayotning bezagi - darddir.
Koʻngil sabogʻiga intilgan tolib,
Darmon degan soʻzning oʻzagi – darddir!
Dardsiz odamlarni hushlamay oxir
Irgʻitib bir chetga sokin yoʻlingni,
Misoli darveshdek topgan javohir -
Sheʼrga uzatarsan behol qoʻlingni!
Yigʻilib, tiqilib, dilga qadalgan
Dardlarni qogʻozga toʻka boshlaysan.
Quyilib-quyilib yonoqlaringga
Lazzatlanib, hadsiz koʻzni yoshlaysan!
Dardlarki, qalbingni siltarlar uzoq,
Oʻylaring tizginsiz yellarga koʻchar.
Har kecha qiynoqlar, azaliy azob
Sharobga aylangan qoningni ichar.
Ichar, ichaverar, qonlaring suyib,
Farhoddek toʻkasan Nazm togʻiga!
Qaraysan – shuaro kirgandir kuyib
Nazmiyot bogʻiga, Nazm bogʻiga!
Sen-da, yozadursan, alam va alam,
Hech kimsa toʻxtata olmagay seni.
Alamlar dastidan singaydir qalam,
Aytmagan dardlaring qolmaydi seni.
Va bir kun... boshlanar gʻalati mavsum,
Daʼvolar, daʼvolar, chirkin daʼvolar...
Bogʻda andaliblar aylarlar taʼzim,
Gullar-da haqqingga oʻqir duolar.
Boshlaysan! Yozasan, koʻp deya dardim,
Dunyoni buzasan, shovqin solasan.
Gapning poʻstkallasin aytsam, ey doʻstim,
Shoir boʻlganingni bilmay qolasan...
Qadam tashlab nogoh Baxt quchogʻiga,
Ataysan oʻzingni “Qaygʻuga kotib”.
Oʻzing sezmaysanu, ammo chin gapim -
Kun koʻra boshlaysan dardingni sotib.
Mana shu joyida yetib oxirga,
Topasan oʻzga bir matlab, tuygʻuni -
Dardlar oʻyin boʻlib qoldimi sheʼrga,
Tortib olajaklar, albatta, uni!
Va topa olmaysan, u qaytib kelmas,
Qolmas qoshingda ham bir zarra gardi.
Tong chogʻida nogoh sezib qolasan -
Asli eng yomon dard – bedardlik dardi.
Yigʻlamoq istaysan, koʻz yosh qayoqda,
Figʻondan asar yoʻq, sheʼr bitilmaydi.
Bozor aylanasan, doʻkonlar koʻpu,
Lekin biror joyda Dard sotilmaydi...
Nahot! Shunaqasi boʻlurmi, tavba...
Sanchiq dardlaringni qumsay boshlaysan.
Mahorat ishlatib, muxlislaringni
Yolgʻondaka dardlar yasay boshlaysan!
Afsuski, odamlar nodon emaslar,
Bilarlar yolgʻondan yosh toʻkkaningni.
Shodon kunlaringni aslo sevmaslar,
Ular yoqtirarlar dard chekkaningni.
Koʻrkam hayotingdan bezadi hamma,
Qalbingda ulgʻayar sogʻinch daraxti.
Xudo anglatadi qosir aqlingga –
Baxtsizligidadir shoirning baxti!
Bu yoʻlga shu bois kirilmas atay,
Ilojsiz yashamak bunda beqaygʻu.
Boshqa oʻlchovlarni bilmayman, netay,
Shu mening sabogʻim, rozi boʻlsang - shu...”
Tolib, soʻzlarimdan boʻldingmi bezor,
Dard qorishib ketgan qon tomirimga.
Iltimos, kulmagin, kulmagin zinhor
Dardlarga koʻmilgan mahzun umrimga!
Bu umr meniki, faryod meniki,
Shunday yashash rosti menga yoqadi.
Qalbiy isyonlarim koʻchirib sheʼrga,
Chidab bersa boʻldi qoʻlim toqati...
Sehrli sheʼriyat oʻrgatdi menga
Kulib yigʻlashniyu, yigʻlab kulishni.
Dard bilan ilhomni yoppa berarkan
Xudo xohlasa gar shoir qilishni.
Hamma saboqlarim begʻaraz, tekin,
Oldingga qoʻyaman faqat shu shartni:
Istagan narsangni soʻragin, lekin
Baribir berolmam, soʻrama Dardni!
Baxtlarga koʻmilib yashardi joʻshqin
Shoirga toleʼlar kulib boqqanda:
Dueldan choʻchisa - boʻlmasdi Pushkin,
Mashrab boʻlmas edi Dordan qoʻrqqanda!
Sheʼrimni tugatay, choʻzildi biroz,
Dard ajib neʼmatdir, men senga aytsam.
Nima deysan endi, uyat boʻlar-a,
Shuncha gapdan keyin yoʻlimdan qaytsam???
Xayrulla Xamidov
6October 25, 2025 1K 3 21