Ustozim bilan xayrlashgani madrasaga borganimda yigʻlab yuborgandim. Bilmadim nega, balki hayotimni eng mazmunli kunlari ustoz bilan o’tganigami, balki ustoz oldida endi dars o’qimasligimni o’ylabmi, ichimdan firoq yig’isi kelgandi. Men bilan kelgan akam ko’rib hayron bo’lgan, inkor va taajjub ohangida yig’i sababini so’ragan edi.
Taqdir, hayot bo’lsak ko’raveramiz, ilm talabi Misr yurtiga yetaklab keldi. Ilm o’rgandim, barmoq yetmas odamlarga o’rgatdim. Bir tuyg’uni anglab yetdimki, talaba bo’lib ustozimni yaxshi ko’rgdek, ustoz bo’lib talabalarimni ham shuncha yaxshi ko’raman ekan.
Ustoz o’zi o’qitayotgan talabalarni yaxshi ko’rmasa dars bera olmas ekan. Dars beryaptimi demak, shogirdlarini yaxshi ko’radi, ustozni qattiq tegishi, tergashi yomon ko’rganidan emas. Inson hayoli yaxshi ko’rganlaridan hech ajramaydi, doim ularni o’ylaydi, ularga nima yaxshi, nima foyda ekanini izlaydi.
Bugun uch oy davomida birga ilm ichida yashagan shogirdlarimni (o’zim hali yosh bo’lganim uchun birovni shogirdim deya olmayman) katta yo’lga - ilm yo’liga kuzatdik.
Uch oy oz muddatdir, lekin biz uzoq masofa bosib o’tdik - Shifohiyya o’qidik, sarf yozdik, nahv qoidalarini yodlab tushundik, mabdaul qiroatni tarkibladik, “Qisosun nabiyyin” o’qidik va sakkiz bosqichlik kitobning beshtasini o’qib tugatdik.
Bugun ular bilan xayrlashdim, shunda yillar oldin ustozim bilan xayrlashganda yig’lagan o’zim yodimga tushdi - o’shanda otasidek aziz ustozi bilan xayrlashgan talaba ko’proq qiynalganmidi, yoki farzandidek qadrli shogirdini bag’ridan olib ilmning keyingi so’qmoqlarigan yo’llagan ustoz ko’proq qayg’urganmidi?
Bugun mening javobim o’zgardi. Siz nima deb o’ylaysiz?
https://t.me/armugonlink
Telegram
ARMUG'ON
من لم يقرأ الآن لم يقرأ بعد

6
2September 7, 2026 60 1