Ko‘ngil tamomila nomlandi hirsiy
Tobora g‘ichirlar ostimda kursiy,
Zuhddan dars bering, Salmoni Forsiy
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Ko‘ngil siltanmaydi ko‘rsa ham tobut,
Bu holda ertaga bo‘laman nobud.
Holimni izohlang, Zayd ibn Sobit!
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Tinmagay shayton deb: tinmasdan sayra!
Dunyo besh kunlikdir, erinmay yayra...
Kurashni o‘rgating, Abu Hurayra
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Ba’zan uyqu g‘olib, bomdod ham malol,
O‘rningdan tur debon yig‘laydi hilol.
Azonni his qilay, o‘rgating, Bilol
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Zar qadrin biladir haqiqiy zargar,
Solihlar dunyodan qildilar hazar.
O‘rgating asli ne taqvo, Abu Zar
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Qiyomat tongida ne erur nasab,
U kunda dars ketib, portlagay asab.
Dunyoga tupurish nedir, ey Mus’ab
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Bevafo ko‘ngildan charchadim noliy
Istadim robbimni uzlatda holiy
Mardlikni o‘rganay, hazrati Aliy,
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Vujudim titrasa o‘qisam qur’on
Ko‘rganlar devona desinlar hayron.
Bu holning siri ne, ey shahid Usmon
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Qop-qora kechalar bo‘lsin yop-yorug‘,
Shayton hujumidan tamoman forig‘...
Mardlikni o‘rgating, Umarul foruq
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Najot topgan qavm bo‘ldilar shokir,
Bunda yo‘q na nifoq, yo‘q erur makr.
Iymondan dars bering, ey Abu Bakr
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Qalbimdan o‘tganin biladi Alloh.
Boshqasi kerakmas, Allohim guvoh
Bir bora bo‘lsa ham, Yo Rosululloh
Ko‘rgim kelayotir sizni tushimda!
Barchaga #ulashing manzil.
Teligram | instagram | botimiz
October 22, 2025 1.5K 3