1086-savol: ERNING YOLG‘ONI VA IKKINCHI TURMUSH XAVFI
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuh.
Avgust oyida turmushimizga 2 yil to‘ladi. Turmush o‘rtog‘im bilan o‘zimiz topishib oila qurganmiz. To‘ydan avval erim o‘zidan 5 yosh katta, eridan ajrashgan, 2 nafar o‘g‘li bor ayol bilan masofadan turib birga ishlagan edi. U ayol boshqa viloyatda yashaydi, hozir u ish bilan shug‘ullanmaydi.
Yaqinda erimning telefonida o‘sha ayol bilan yozishmalarni ko‘rib qoldim. Ilgari so‘raganimda "shunchaki sobiq hamkasb, Hayit bilan tabriklab qo‘ydi", degan edilar. Ayollik shubhasiga borib sinchiklab qarasam, gap-so‘zlari juda jiddiy ekan. U ayol erimga "Meni nikohingizga oling", deb tinmay yozgan. Erim esa uylanganini aytmay, "Avval o‘zim uylanib olay, keyin seni ikkinchi xotin qilib olaman", deb javob qaytargan.
Buni ko‘rib qattiq xafa bo‘ldim, lekin o‘sha paytda indamadim. Chunki hozir munosabatlarimiz yaxshi. Keyinroq fursat topib: "Begona ayol bilan yozishish xiyonatga kiradi, barakangizni ketkazyapsiz, o‘rtada qizimiz bor, o‘ylang", dedim. Erim esa: "Men shunchaki yozishganman, bu xiyonat emas. Nega unda to‘rttagacha uylanishga ruxsat berilgan?" deb o‘zini oqladi.
Dinimizda to‘rttagacha ruxsat berilgani to‘g‘ri, lekin erim menga yolg‘on gapiryapti, u ayolga ham oilaliligini yashirib kelayotgani meni qiynayapti. Nima qilishni bilmay qoldim, qadrimga achinyapman. Ajrashishni ham xohlamayman, erimning u ayolga uylanishini ham istamayman.
Iltimos, menga maslahat bering.
G‘iyosiddin Yusuf:
— Va alaykum assalom va rahmatullohi va barakotuh.
Unda o’sha ayolni erga berish kerak! )
Men faqat turmush o’rtog’ingizni o’zingizga ipsiz bog’lab oling deya olaman. Erkak kishi odatda ayoli yetarli bo’lganda boshqa ayolga qiziqmaydi. Bu faqat yotoq bilan bo’lmaydi — hamma tomondan yetarli bo’lishi kerak. Masalan, u yaxshi suhbatdosh, yaxshi maslahatchi, shu bilan birga, jozibador ma’shuqa bo’lishi mumkin.
Albatta, siz bunga majbur emassiz. Buni majburiyat desak, xudbinlik bo'ladi. Bu bir tavsiya, xolos. Chunki hayotda har bir erishiladigan narsaning bir badali bo'ladi. Modomiki, uni o'sha ayoldan tiyib olishni istar ekansiz, xayollarini undan yulib olib, sizga qaratishiga erishishiga harakat qiling. Buni uddalab bo'ladi deb umid qilaman.
O'qish uchun tavsiya qilinadigan kitoblar: "Asal oyi emas, asal hayot", "Jannatda ham birga bo'laylik", "Quloqqa aytiladigan gaplar", "Solihalar gulshani".
#Muammo
Yanada ko'proq savol-javoblar