Mustaqillik bayrami arafasida 163 ta yangi obyekt ishga tushirildi… — UrDPI Axborot-resurs markazi — TG.ME

Mustaqillik bayrami arafasida 163 ta yangi obyekt ishga tushirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mamlakatimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan hududlarda umumiy qiymati 50 trillion so‘mlik 163 ta yangi obyektni ishga tushirish marosimi boʻlib oʻtdi.

Yangi oʻquv yili arafasida ijtimoiy sohada ham koʻplab zamonaviy obyektlar foydalanishga topshirilmoqda. Ular orasida 36 ta bolalar bogʻchasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy taʼlim muassasasi va 3 ta shifoxona bor.

Yangi Toshkent hududida jahon standartlari asosida 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi Oʻzbekiston universitetining zamonaviy majmuasi shular jumlasidandir. Bu yerda 7 ming nafar talaba tahsil olishi uchun sharoit yaratilgan.

Oliy ta’lim muassasasida Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilarining malakasini oshirish boʻyicha “Taʼlim xabi” tashkil etiladi. 1-oktabrdan Sunʼiy intellekt instituti ish boshlaydi.

Shuningdek, 30 ming kvadrat metr maydonga ega besh qavatli yangi Milliy kutubxona eng zamonaviy texnikalar bilan jihozlangan. U bir vaqtning oʻzida 1,5 ming nafar kitobxonga xizmat koʻrsata oladi. Bu yerda 28 dan ziyod oʻquv xonasi va zallar, turli sigʻimdagi konferensiya zallari tashkil etilgan, 200 mingdan ortiq kitob jamlangan.

Qarshi shahrida 400 milliard soʻmlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining zamonaviy bino va inshootlari barpo etildi. Bu yerda 3 ming nafar talaba tahsil oladi, 700 nafar aholi daromadli ish bilan taʼminlanadi.

Fargʻona viloyatidagi yangi zamonaviy tibbiyot muassasasida esa yiliga 60 ming nafar bemorni davolash va 30 ming nafar ayolni skriningdan oʻtkazish imkoniyati yaratildi.

Davlatimiz rahbari yangi obyektlarni barpo etishda ishtirok etgan investor va tadbirkorlar mehnatini yuksak baholadi.

– Siz kiritayotgan har bir investitsiya Oʻzbekiston kelajagining poydevorini mustahkamlaydi. Siz yaratayotgan har bir ish oʻrni oilalar farovonligiga xizmat qiladi. Siz ishlab chiqarayotgan har bir mahsulot mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Siz eksport qilayotgan har bir tovar Oʻzbekistonning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi,

 – dedi Prezidentimiz.

#Mirziyoyev #marosim #mustaqillik35 #obyektlar

Facebook | Instagram | YouTube | Telegram
August 25, 2026 69