O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, adabiy uchrashuv va kitob taqdimotlari keng nishonlanmoqda.
Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri sifatida Mirishkor tumanida ikki yangi kitob — “Sanduvoch” nafosat dastasi hamda “Ko‘pkari gurunglari” nashrdan chiqarilib, keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Mirishkor tumanidagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi binosida Buxorolik hassos shoir Tilak Jo‘ra xotirasiga bag‘ishlab tashkil etilgan “Sanduvoch” ijodiy guruhi tashkil topganining 5 yilligi munosabati bilan “Sanduvoch” nafosat dastasi kitobining, shuningdek, tumandoshlarimiz — taniqli jurnalist, “Oltin qalam” xalqaro mukofoti sohibi A. Abdiyev hamda ijodkor o‘qituvchi M. Pardayevlarning “Ko‘pkari gurunglari” kitobining taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda adabiyot va ijod ahli, ziyolilar, o‘qituvchilar, kitobxonlar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
“Sanduvoch” nafosat dastasi kitobidan respublikamizning turli hududlarida ijod qilayotgan 60 nafardan ortiq qalamkashlarning ijod namunalari o‘rin olgan. Quvonarlisi, mazkur to‘plamda Mirishkor tumanida yashab, samarali ijod qilib kelayotgan 5 nafar tumandosh ijodkorning ham asarlari jamlangan.
Jumladan, Turon Fanlar Akademiyasi va Xalqaro Turon Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Z. Karamatov, ijodkor o‘qituvchi U. Rahimov, ijodkorlar M. Maxmadmurodov, Z. Safarov hamda H. Ro‘ziyevlarning ijod namunalari kitobdan munosib o‘rin olgan.
Taqdimot davomida mazkur nashrlarning mazmun-mohiyati, ularning adabiy-ma’naviy ahamiyati, yosh avlodni kitobxonlik va ijodga jalb etishdagi o‘rni haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Xususan, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari H. Karomatov, Xalq ta’limi a’lochisi, shoir N. Panjiyev hamda tuman Axborot-kutubxona markazi rahbari J. Mirzayev so‘zga chiqib, yangi nashrlarning adabiy jarayondagi o‘rni va ijodkorlar uchun ahamiyati xususida iliq fikrlarini bildirdilar.
Tadbirda kitoblarning yaratilishi ijodkorlarning milliy adabiyotimiz rivojiga qo‘shayotgan munosib hissasi, ma’naviy merosimizni asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazish yo‘lidagi ezgu sa’y-harakatlarning yana bir namunasi ekanligi ta’kidlandi.
“Sanduvoch” nafosat dastasi va “Ko‘pkari gurunglari” kitoblarining nashrdan chiqarilishi Mustaqilligimizning 35 yilligiga munosib ma’naviy tuhfa bo‘lib, Mirishkorning ijodiy va ma’rifiy hayotida muhim voqea sifatida e’tirof etildi.











