MANDATDAN SO‘NG
Anchadan beri o‘ylab yurganim mavzu bor edi, hozir messengerimga bir ayol savol jo‘natgan ekanlar, post qilib qo‘yay, yana kimgadir foydasi tegib qolar, dedim.
Bizda qizlarga o‘qishga topshirishga bir martagina imkon berish, o‘qishdan yiqilishi bilan "berdi Xudo" deb, oyog'ini yerga tegizmasdan g‘izillatib kuyovga uzatib yuborish odati bor. Shundanmi, bir yil davomida yaxshilab tayyorlangan qiz mabodo nasib bo‘lmasdan tanlagan yo‘nalishiga kirolmay qolsa, illo shu yil talaba bo‘lishing kerak deb, duch kelgan o‘qishga kiritib tinchiydigan bo‘lib qolishgan.
Faraz qilaylik, qizingiz hali endi 17 yoshda. Adabiyotchi. Xayolparast, nazm-u nasr, jon-u dili. She'r o‘qib yig‘laydi, o‘zbek tiliga juda mohir. O‘qisa, haqiqiy mutaxassis bo‘ladi. Nimadir bo‘ldi-yu, imtihon kuni titul qog‘ozini bo‘yashda xato qildi, natijada sinovdan o‘tolmadi.
Shunda qanday yo‘l tutasiz?
O‘qishga kirishga shu yildan boshqa yil yo‘qdek bali yetgan istalgan joyga kirgizib qo‘yasizmi?
Yoki xususiy "xalqaro dorilfunun"ga fizika bo‘limida o‘qitasizmi? Keyin bolangiz butun umr diffuziya hodisasi so'zi Dilfuza ismiga o‘xshaydi, deyarli paronim so‘z deb, ilhomi kelganda bu mavzuda she'r yozib, na to‘kis fizik bo‘lib, na adabiyotdan ko‘ngil uzolmay o‘tadimi?
O‘qishdan yiqilganda uzun ko'ringan bir yil, aslida, zalvorli umr oldida u qadar katta muddat emas.
Chet ellarda ataylab bir yil tanaffus qilishadi: chindan nima istashlarini bilish, o‘zlari bilan tanishish, mustaqil pul ishlab topish ko‘nikmasini shakllantirish, sayohat qilish vhkz uchun. Internetga "gap year" deb yozsangiz chiqadi, "oraliq yil" degani. Menda bakalavr va magistratura orasida 1,5, magistratura va doktorantura orasida 2,5 yil tanaffus bo‘ldi. O‘ta normal narsa.
Maktab-litseyni bitirib o‘qishga kirib olish kerak, keyin birdaniga magistratura qilish kerak, 23 yoshda bitirvolish kerak. Nega? Kimning qolipiga ko‘ra? Nega o‘sha plandan boshqacharoq yashasak o‘zimizni kamdek his qilamiz? Har kimning hayot yo‘li, tezligi, fasllar tartibi boshqa emasmi?
Qur'oni karimda bir sohaning yaxshi vakili ikki sifat bilan sifatlanadi:
"إني حفيظ عليم"
"(U, Yusuf xazinabonlikka o‘z nomzodini ko‘rsatayotib) Albatta, men omonatdor va biluvchiman, dedi". Yusuf/55
Ta'lim tijorat vositasi qilingan, mas'ullarining qanchasi mutaxassis bo‘lmagan yerlarda (istisnolar bor, albatta) farzandingiz olim va omonatdor bo‘lishiga ishonasizmi?
Insonga o‘z kasbi, avvalo, zavq, qolaversa moddiy ta'minot ham berishi kerak.
Inson sevgan narsasini oson o‘rganadi. Charchasa ham mazza qiladi, unda muvaffaqiyat qozona oladi. Agar soha faqat yuragini siqsa-chi? Xohishsizlik, unumdorlikning pastligi, oldin o‘qishda, keyinchalik ishda ham faollik bo‘lmasligi. Doimo yo‘lni yo‘qotgandek yurish.
Bilaman, hozir farzandingiz o‘qishdan yiqilgan, qo‘ni-qo'shni, qarindosh-urug‘, aynan shu natijani poylab turganlar bor.
Biroq, qiz — Sizning qizingiz. (Yordam) qo‘lini uzatmagan odam tilini uzatsa, parvo qilmaslik kerak.
Qizingizga imkon bering, uni suyang! Bir yil o‘tadi-ketadi. 17-18 yoshida o‘zi xohlamagan joyga kirib, 21 yoshida bitirgandan, keyinroq bo‘lsa ham o‘zini ko‘rolgan, u bo‘lib tug‘ilgan narsasi ortidan ketsin. Kechroq bitirsin, lekin chiroyli o‘qisin.
Bilmadim, negadir maqsad erta kunda bitirvolish. Keyin uzatvorishimiz kerak.
Xudoga shukur, o‘qigan qiz qolib ketmaydi. O‘qigan qiz - o‘rin topadi.
O‘g‘limiz o‘qishdan yiqilsa darrov uni uylamaymiz-ku, kelasi yil kiradi, deymiz. Qizimizga ham shu imkonni bersak qanday yaxshi!
Qizlarjon!
• Nima bo‘lsa ham o‘zingiz sevgan sohada o‘qing!
• Tanlagan yo‘lingiz to‘g‘ri ekaniga amin ekansiz, aslo voz kechmang!
• Har bir muvaffaqiyat va muvaffaqiyatsizlik ortida biz bilmagan ko‘plab hikmatlar bo'ladi. Biz shunchaki uni hozir ko‘rolmaymiz.
• Tinmay o‘qing, g‘olib bo‘lmaguncha to‘xtamang!
• Aslo yil yutqazmay deb, istamagan sohangizdan ketmang!
Shu bir yilni sabab, oldin 4 yilni, uning ortidan orzularni, shu sohada ishlayman deb esa, umrni yutqazish mumkin. Unutmang, ba'zan birgina xatoning badali UMR bilan to‘lanadi. Alloh saqlasin.
@qizingizyozdi
Forwarded fromQizingiz yozdi...

August 30, 2026 56 1