Kamchilikmi — fazilatmi? Maktab paytlari do‘stim bilan sinfni rosa… — MINDFUL LEARNING — TG.ME

Kamchilikmi — fazilatmi? Maktab paytlari do‘stim bilan sinfni rosa kuldirar edik. Ustozlar esa doim tanbeh berishardi — bu salbiy xislat deb hisoblashardi. Vaqt o‘tib tushundimki, bu aslida kamchilik emas — bizning fazilatimiz ekan. Kuldira olish ham noyob qobiliyat. Ko‘p kerak bo‘ldi. O‘ylab qarasam, o‘quvchilardagi bizga “yomon” ko‘ringan xislatlar — aslida yashirin fazilat bo‘lishi mumkin ekan. Kuchli ustoz shuni ilg‘ab oladi va o‘quvchini to‘g‘ri yo‘naltirishni biladi. Quyida ba’zi bizga “kamchilik” bo‘lib ko‘ringan odatlarning ijobiy tomonlarini ko‘rib chiqamiz: 1. Ko‘p gapiruvchi o‘quvchilar Munosabat o‘rnatishda, o‘z fikrini erkin bayon qilishda kuchli bo‘ladi. Ulardan jurnalist, o‘qituvchi, to‘g‘ri foydalanilsa — spikerlar yetishib chiqishi mumkin. 2. Darsda xayol surib o‘tiradiganlar Tasavvuri boy, ijodkorlikka moyil. Kelajakda ulardan yozuvchi, rassom, rejissyor yoki ixtirochi chiqishi mumkin. 3. Savol so‘rayveradigan o‘quvchilar Mavzuni chuqur tushunishga intiluvchi, tanqidiy fikrlash qobiliyati bor. Bundaylardan tadqiqotchi, huquqshunos yoki fan arboblari chiqishi mumkin. Qaysar va ko‘p munozara qiluvchi o‘quvchilar 4. Qat’iyatli, o‘z fikrini himoya qilishni biladi. Muzokarachi, siyosatchi, advokat yoki faol jamoat arboblari bo‘lib yetishishi mumkin. 5. Sho‘x va gipperaktiv o‘quvchilar Energiyaga to‘la, harakatchan. Bu energiyani to‘g‘ri yo‘naltirilsa, sportchi, tadbir tashkilotchisi yoki yetakchi sifatida muvaffaqiyat qozonishi mumkin. 6. Prokrastinatorlar — vazifani oxirida bajaruvchilar Vaqt bosimida samarali harakat qilishni bilishadi. Loyiha boshqaruvchilari, krizis maslahatchilari, tezkor yechim topishni talab qiluvchi sohalarda o‘z o‘rnini topishi mumkin. 7. Sabrsiz o‘quvchilar Tez fikrlaydi, tez qaror qabul qiladi. Ular tez harakat talab qiluvchi sohalarda, ayniqsa tadbirkorlikda muvaffaqiyatli bo‘lishlari mumkin. 8. Qoidalarga qarshi chiquvchi o‘quvchilar Mustaqil fikrlaydi, o‘z qarashiga ega. Bundaylardan yetakchi, tashkilotchi, rahbar kadrlar yetishib chiqadi. 9. Dangasa o‘quvchilar Kam harakat bilan maqsadga yetishni istaydi. Ularning muammoga sodda va samarali yondashuvi — avtomatlashtirish, dasturlash, tizim tahlili kabi sohalarda qo‘l keladi. 10. Tartibsiz o‘quvchi Standartga sig‘maydigan fikrlar, kreativ yondashuvga moyil bo‘ladi. Ularda ijodiy salohiyat yuqori bo‘lib, san’at va yaratuvchanlik sohalarida o‘z o‘rnini topishadi. Xulosa Bu ro‘yxat bilan kamchiliklarga ko‘z yumib, ularni oqlashni maqsad qilmaganman. Maqsad — har bir o‘quvchidagi ijobiy jihatni ko‘ra olish, uni to‘g‘ri yo‘naltirishga chorlash. Qissadan hissa Hamma noliganda, siz fazilat toping! @Ustoz_kundaligi

September 3, 2026 31 1