🇺🇿 O‘zbekistonda 700 mingdan ortiq o‘qituvchi bo‘lsa, demak 700 mingdan ortiq o‘qitish uslubi bor. Ya’ni inson ham, uning harakatlari ham — betakror. Butun dunyoda ham shunday:
Amerikalik ta’lim metodologi Entoni Grasha ham 400 ga yaqin o‘qituvchilarning o‘qitish uslublarini o‘rganib, bu fikrimizni tasdiqlaydi.
Shunga qaramay, Grasha o‘qituvchilarda ko‘p uchraydigan 5 xil o‘qitish uslubi haqida yozib qoldiradi:
1. Ekspertlar
Bu turdagi ustozlar o‘z fanida haqiqiy mutaxassis. Tajribasi katta. O‘ta ilmiy, keng qamrovli ma’lumotlar aytish orqali o‘z mavqeini ko‘rsatishga urinadi.
Kuchli tomoni: fanini chuqur biladi.
Kamchiligi: bilim olishda qiynalayotgan o‘quvchilarni cho‘chitib qo‘yishi mumkin. Ikkichilarni tushunishi qiyin.
2. Rasmiy avtoritet (Formal authority)
Talabalar orasida o‘z bilim va o‘qituvchilik mavqeini hokimiyat orqali ushlab turadi. Aniq qoidalar o‘rnatadi. Davlat standartlariga qat’iy amal qiladi. Intizomli.
Kuchli tomoni: aniq reja, maqsad va mezon asosida dars o‘tadi. O‘quvchilarga aniq dastur ko‘rsatib bera oladi.
Kamchiligi: standartga haddan tashqari yopishib olishi o‘quvchilarning individual ehtiyojlarini e’tibordan chetda qoldirishi mumkin.
3. Shaxsiy namuna (Personal model)
O‘zi bajarib ko‘rsatadi, kuzatishga undaydi va o‘rnak bo‘lishni maqsad qiladi. O‘quvchilar ham o‘zidek bo‘lishini istaydi. Masalan, misollarni o‘zi to‘liq yechib berib, shunday usulda yechishni talab qiladi.
Kuchli tomoni: talabalar bevosita kuzatish orqali mavzuni chuqur o‘rganadi.
Kamchiligi: “Men qilgan usul eng to‘g‘risi” degan yondashuv o‘quvchilarning ijodiy fikrlashini cheklab qo‘yishi mumkin.
4. Yo‘naltiruvchi o‘qituvchi (Facilitator)
O‘quvchiga savollar, fikrlar berish orqali uni mustaqil fikrlashga undaydi. “Men bilaman, sen tingla” emas, balki “kel, birga o‘ylaymiz” yondashuvini tanlaydi.
Kuchli tomoni: moslashuvchan. Talabalarga individual yondasha oladi. Ularni mustaqil fikrlovchi shaxsga aylantiradi.
Kamchiligi: har bir o‘quvchiga alohida yondashish ko‘p vaqt talab qiladi. Ba’zida esa umumiy yondashuv samaraliroq bo‘lishi mumkin.
5. Vazifa topshiruvchi (Delegator)
Bu turdagi ustozlar o‘quvchilarning faqat mustaqil harakat qilishlarini istaydi. O‘qituvchi o‘zini asosan material bilan ta’minlovchi deb biladi.
Kuchli tomoni: talabalar o‘qituvchisiz ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘ladi.
Kamchiligi: barcha o‘quvchilar mustaqil ishlashga tayyor bo‘lmasligi mumkin. Bu esa ularda stressni kuchaytirishi mumkin.
Har bir ustozni faqat bitta toifaga kiritish to‘g‘ri emas. Odatda, bir o‘qituvchida bir nechta uslub aralashgan bo‘ladi.
Muallif fikricha:
“Eng samarali uslub — bu vaziyatga qarab tanlangan uslub.”
Chunki sinflar qanday turli xil bo‘lsa, ularga mos uslublar ham shuncha xilma-xil bo‘lishi tabiiy.
Qiziq, siz qaysi turdagi ustozsiz❓
Bilishning eng yaxshi yo‘li — postni o‘quvchilaringizga yuboring va ulardan so‘rang❗️
©Ustoz_kundaligi