Hammasi tugadimi ?
Bugun demokratiya va liberalizm boshi berk ko'chaga kirgandek taassurot paydo bo‘lmoqda. Dunyo haqiqatan ham konservativroq davrga kirgan - ehtiyotkorlik, tartibni erkinlikdan ustun qo'yish, o'zgarishlardan cho'chish, urushlar, avtokratiyaning kuchayishi, ksenofobiya, antimigratsion kuchlarning hokimiyatga kelishi, Xitoyning ta'siri va Trump. Ko'plab davralarda shu kabi pessimistik kayfiyat mavjud. Noah Smit liberal qadriyatlar kelajagi haqida yozibdi, bir qismini ulashaman:
Tasavvur qiling, XIX asr Fransiya. Yoshligi feodal jamiyat sarqitlari va total hokimiyat zulmi ostida o'tgan ziyoli fransuzsiz. Volter, Russo, Monteske, Didro asarlaridan ta'sirlanib, Parij kabarelarida do‘stlar bilan tabiiy huquqlar, erkinlik va adolat haqida tortishasiz. 1789-yil yozida Bastiliya qo‘lga olingani haqidagi xabarni eshitgan zahoti yuragingiz hapqiradi - "Endi hammasi o‘zgaradi". 2 yildan so'ng, yangi konstitutsiyasini o‘qib, yoshlikdagi orzular qonuniy matnga aylanganini, yangi siyosiy tartibotning shakllanganini ko‘rasiz.
Chorak asr o'tib esa shularni eslab, ortga qaraysiz. O'sha dastlabki yorug‘ shijoat, erkinlikning ilk shukuhli lahzalari avval Terror davrining shafqatsizligi va qonga botgan siyosatiga, keyin Napoleon imperializmi va uzluksiz urushlariga almashgan. So‘ng Vena kongressi, Yevropada konservativ reaksiyaning tiklanishi va tarixning yana eski o‘zaniga qaytganining guvohi bo'lasiz. Siz esa keksaygan; oldinda yaxshiroq jamiyat qurish uchun yana bir inqilobga umid ham qilib bo'lmaydi. Shunday paytda savol tug‘iladi: demak, orzular puchmidi ? Erkinlik, demokratiya, inson huquqlari illuziyami ?
Ammo tarix buni rad etdi. Keyingi ikki asr davomida liberallik g‘oyalari sohildagi to'lqinlardek ortga chekinib, yana oldinga siljib tarqaldi. Qullikning bekor qilinishi, irqiy, jinsiy va etnik segregatsiyaning tarixiy minimumi, iqtisodiy farovonlikka qaratilgan yangi kursning e'lon qilinishi, erkin savdo, immigratsiya, o'zaro hamkorlik aloqalari, urushlar, ocharchilikdan o'limlar sonining eng quyi darajasi, siyosiy boshqaruv va qaror qabul qilishdagi ishtirok, inkluzivlashish va barqaror siyosat - biz erishgan ayrim yutuqlar xolos. Albatta, Robespyer va Napoleonning "voris"lari ham qad ko'tarib turdi, biroq urush va zulmdan charchagan jamiyatlar tomonidan mag‘lub etildi. Liberalizm Fransuz inqilobi doirasida siyosiy jihatdan yutqazgandek ko‘ringan bo‘lsa-da, uzoq muddatda u ko‘plab jamiyatlarni avvalgidan ko‘ra ochiqroq, huquqiyroq va imkoniyatliroq yo‘lga boshladi.
Hozir 2026-yildan turib ushbu analogiyani o'ylar ekanmiz, ayrim umidli signallar ko'zga tashlanadi: jinoyatchilikning kamayishi, ijtimoiy aralash nikohlarning ortishi, turli hududlarda avtoritar rejimlarga qarshi noroziliklarning davom etishi. Bu belgilar liberalizmning kelgusi g'alabasini va’da qilmaydi, biroq tarix tugadi degan pessimizmni ham oqlamaydi. Ehtimol, yangi liberal dunyoqarash bir muddat chekinish, o'zini qayta ko'rib chiqish, maqsadlarni belgilash, va intellektual intizomni tiklaydigan davrga yetib kelgadir. Ammo jamiyatlarni uzoq muddatda tolerantroq, imkoniyatliroq va insonni kuchaytiradigan yo‘nalishga itaradigan fundamental kuchlar hanuz mavjud.
Shunday ekan, 1815-yildagi fransuz liberalining fojeasi kabi bu ham bir davrning siyosiy mag‘lubiyati g‘oyaning tarixiy mag‘lubiyati emas. Liberallar uzoq yo'lni bosib o'tishdi biroq hali oldinda yana yo'l bor. Biz oxiriga yetmadik.
@Fan_choyxonasi