Audiosheʻrlar ​ ✍️ Halima Ahmedova 🖋 "Men bilan kulib vidolash"… — Xonqa tumani Axborot-kutubxona Markazi|Rasmiy| 🇺🇿 — TG.ME

#Audiosheʻrlar

✍️ Halima Ahmedova
🖋 "Men bilan kulib vidolash"

🎙Gulruh Pirnazarova o'qigan

Men bilan jimgina kulib vidolash,
Koʻzingda gʻam koʻray, baxtga aralash.
Shivirla, nechundir ufq qontalash-
Sen manguga ketayotgan kun.

Yupatma, yupanchlar – nuragan qoya,
Umr muhabbatga emas nihoya.
Rost ekan, ishq bilan oʻlim hamsoya,
Men manguga ketayotgan kun.

Sendan oʻzim bilmas neni kutaman,
Ogʻriqli nafassan, sekin yutaman.
Kel, yaxshisi seni jim unutaman,
Sen manguga ketayotgan kun.

Goʻzal ertaklarni men aldamadim,
Sirli maktubimsan, oʻqiy bilmadim.
Ishon, chin dunyoga hali kelmadim,
Men manguga ketayotgan kun.

Dilimga bosilar xazonlar labi,
Dunyo – qay oshiqning yirtilgan qalbi.
Soʻzsiz ketayapman kengliklar kabi,
Sen manguga ketayotgan kun.
Men bilan kulib vidolash (Halima Ahmedova)
August 28, 2026 60