Joriy yilning 21-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida “Hudud va tarmoqlarda o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar” mavzusida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgan edi. Mazkur yig‘ilishda berilgan topshiriqlar, xususan, eksport faoliyatini amalga oshirmayotgan maxsus iqtisodiy zonalar, 208 ta loyiha va milliy brendlar faoliyatini jonlantirish hamda ularning ijrosini samarali tashkil etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biriga aylandi.
Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona viloyatida eksport faoliyatini amalga oshirmayotgan korxonalar faoliyati tahlil qilinmoqda. Asosiy e’tibor mazkur korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar uchun yangi xorijiy bozorlarni topish, ularning sifat ko‘rsatkichlarini oshirish, shuningdek, xalqaro standartlar va sertifikatlarni joriy etish masalalarini amaliy jihatdan o‘rganishga qaratilmoqda.
Ayni paytda viloyatning shahar va tumanlari kesimida mas’ul tashkilotlar tomonidan manzilli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Farg‘ona bo‘limi, “UzTest” DM hamda “UzMMI”ning Farg‘ona va Qo‘qon filiallari mutaxassislari tomonidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqot o‘tkazilmoqda.
Jarayon davomida korxonalarga muvofiqlikni baholash tizimi, xalqaro sertifikatlarni, jumladan, ISO standartlarini olish tartibi tushuntirilmoqda. Shu bilan birga, hududiy korxonalarning eksport geografiyasini kengaytirish, mahsulotlarning xalqaro bozorlardagi raqobatbardoshligini oshirish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

















