Dalyan texnologiya universiteti vakillarining O‘zDJTUga tashrifi
2026-yil 8-sentyabr kuni O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida (O‘zDJTU) Xitoy Xalq Respublikasining Dalyan texnologiya universiteti (DUT) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Dalyan texnologiya universiteti Universitet Kengashi raisi, professor, doktor Syan Chanle boshchiligidagi delegatsiya hamda O‘zDJTU rektori I. Tuxtasinov, Xalqaro hamkorlik bo‘limi va Qo‘shma ta’lim dasturlarini muvofiqlashtirish bo‘limlari boshliqlari hamda mas’ul xodimlari, shuningdek, Sharq filologiyasi fakulteti rahbarlari ishtirok etdi.
Muloqot davomida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va yangi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, ikki oliygoh o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan qo‘shma ta’lim dasturlari talabalari uchun xitoy tilini bilish darajasiga qo‘yiladigan talabni kamaytirish hamda bitiruvchilarga har ikki universitet diplomlarini berish masalasi ko‘tarildi. Doktor Syan Chanle diplom berish masalasini hal qilishga harakat qilishi, dastur talabalari uchun xitoy tilidan qo‘shimcha intensiv kurslar tashkil qilinishini ma’lum qildi.
Tomonlar almashinuvi va akademik mobillik dasturlarini kengaytirish, talabalar uchun yozgi va qishki maktablar, qisqa muddatli ta’lim dasturlari hamda o‘quv lagerlarini tashkil etish, talabalarning hamkor universitetlarda amaliyot o‘tashini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvi, Xitoy tili va filologiyasi sohasida xorijiy mutaxassislarni o‘quv jarayoniga jalb qilish, professor-o‘qituvchilar uchun malaka oshirish va stajirovka dasturlarini tashkil etish, taklif etilgan professorlar tomonidan ma’ruza, amaliy mashg‘ulot va mahorat darslarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ilmiy-tadqiqot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish doirasida xalqaro konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar va ilmiy forumlarni birgalikda tashkil etish, hammualliflikda Scopus va Web of Science bazalarida indeksatsiyalangan yuqori reytingli jurnallarda ilmiy maqolalar nashr etish istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil rivojlantirish, ta’lim va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlaridagi aloqalarni kengaytirish hamda kelishilgan tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish masalalarini o‘z ichiga olgan Yo‘l xaritasini ishlab chiqish borasida kelishib oldilar.
Telegram | Instagram | Facebook | Sayt








