Mandatlar chiqganmish, talaba bo‘lganlarni tabriklayman! Bo‘la olmaganlar esa xafa bo‘lmanglar. Bu faqat yengil shamol, hali oldinda ..... Aslida, hozir talaba bo‘lish qiyin ish emas :)). Bakalavr, magistrni tugatib, hozir ilmiy daraja uchun yugurib yurgan va bir nechta ko'proq tufli eskitgan aka bo'lib aytyabman.
1. Universitetda yaxshi o‘qish uchun super aql shart emas. Vazifalarni vaqtida qilish, darsda faol bo‘lish va ozgina miyani ishlatishning o‘zi ko‘p narsani hal qiladi. Genius bo‘lish shart emas, dangasa bo‘lmasangiz bo‘ldi.
2. Universitetda tajriba to‘plang. Bu davr — pul topishdan ko‘ra o‘rganish uchun eng yaxshi vaqt menimcha. Ishlab ko‘ring, volontyorlik qiling, loyiha qiling, biror joyda amaliyot o‘ting. Daromad darrov bo‘lmasligi mumkin, lekin tajriba keyinchalik juda katta foyda beradi. Chunki diplomni qo‘lga olganingizdan keyin “endi nima qilaman?” degan savol boshlanadi.
3. Xorijga keta olmagan bo'lsangiz bu fojia emas.Keyin magistraturani xorijda o‘qishingiz ham mumkin. Faqat bir yilni shunchaki “kutib turish” bilan o‘tkazib yubormang. Bir yil — yoshligingizda kichik ko‘rinadi, lekin keyinchalik juda katta vaqt ekanini tushunasiz.
4. Yaxshi odamlar bilan yuring, ulardan o‘rganing. O‘zingiz yaxshi bo‘lsangiz, boshqalarga ham ijobiy ta’sir qiling.
Xullas, asosiy gaplar shu. Aslida maslahatlar ko‘p edi, lekin hammasini yozsam, o‘zimni 100ga kirgan professor his qilib ketaman. Talabalik — faqat diplom olish davri emas. O‘zingizni topish, xato qilish, tajriba orttirish va kelajak uchun poydevor qurish davri. Uni shunchaki o‘tkazib yubormang.