✅Sinfdoshlar tazyiqi — bulling haqida zamonaviy pedagoglar nimalarni bilishi zarur?
Bulling (inglizcha bully – bezori, urishqoq, qo‘rs), ya’ni ta’lim dargohida bolaga muntazam o‘tkazib kelinadigan bosim. Tegajonlik allaqachon butun dunyo pedagogik jamoatchiligining katta muammosiga aylangan.
Bulling 4 ta alomatga ega bo‘ladi:
1) bu tajovuzkor harakat;
2) bu muntazam amalga oshiriladigan harakat;
3) bu ta’sir qudrati noteng odamlar o‘rtasidagi munosabatlarga xos harakat;
4) bu atayin qilinadigan harakat.
Bullingni o‘rganishda dunyodagi yetakchi olim norvegiyalik Dan Olvius bo‘yicha, bullingni asosan ushbu xususiyatlarga ega o‘quvchilar amalga oshiradi:
1) hukmronlik qilish, boshqalarni bo‘ysundirish orqali o‘z maqsadlariga erishish ehtiyoji kuchli;
2) jizzaki va tez jahli chiqishga moyil;
3) ko‘pincha kattalar, jumladan, ota-ona va o‘qituvchilarga namoyishkorona agressivlik namoyon etuvchi;
4) ziyon yetkazgan odamlariga achinish hissi etmaydigan.
Maktabda sinfdoshlar tazyiqi odatda 3 xil shaklda namoyon bo‘ladi:
1) jismoniy ta’qib (turtish, urish va h.);
2) verbal ta’sir (masxaralash, tahqirlash va h.);
3) izolyatsiya qilish (guruhdan chetlashtirish, guruhiy munosabatlarga qo‘shmaslik va h.).
Bulling sodir bo‘lishining ayrim qonuniyatlari borki, bularni har bir ustoz bilishi ayni muddao bo‘ladi:
a) o‘quvchilar jamoasida avtoritet qozona olgan ustozlar sinflarida bulling ko‘rsatkichlari past bo‘ladi;
b) bulling odatda o‘quv yili boshida, ya’ni o‘quvchilar guruhdagi o‘z o‘rni uchun faol kurashga kirishgan paytda yuqori darajaga yetadi;
v) kam ta’minlangan oilalarning farzandlari boshqa bolalardan ko‘ra uch baravar ko‘proq bullingga uchraydi.
D. Olveusning tadqiqotlaridan ma’lum bo‘lishicha, o‘qituvchi o‘quvchilar bilan munosabatda quyidagi oddiy to‘rt tamoyilga amal qilsa, bulling ko‘rsatkichlari 30–50% pasayadi:
1) o‘quvchilar guruhi hayotiga samimiy ijobiy qiziqishni namoyon etish;
2) noo‘rin xatti-harakatlar uchun qat’iy chegaralarni va cheklovlarni belgilash;
3) o‘rnatilgan me’yorlarni buzganlik uchun jismoniy jazo yoki aybsitib urishish usulidan foydalanib emas, muayyan sanksiyalar berish orqali munosabat bildirish;
4) o‘quvchilar uchun avtoritet va ijtimoiy rol modeli sifatida namoyon bo‘lish.
Asosiysi, pedagog bullingni shunchaki bolalik sho‘xligi deb tushunmasligi, bunga nihoyatda jiddiy e’tibor qaratishi muhim. Bullingga qo‘l urganlar va ularning ota-onasiga bunday qilmishlar jazolashsiz qolmasligini anglatish kerak.
Sinf rahbari bulling mavzusiga bag‘ishlangan tarbiyaviy soat o‘tkazishi, “Odamlar nega bir-birini haqoratlaydi?”, “Birovni masxaralashga bizni nima undaydi?” kabi insholar yozdirish, davra suhbatlarini o‘tkazish orqali bolalarni ushbu muammo haqida o‘ylantirib qo‘yishi foydadan xoli emas.
Muammo haqida ota-onalar, ma’muriyat, xodimlar, o‘quvchilarni xabardor qilish maqsadga muvofiqdir. Mutaxassislar muammo bilan shug‘ullanadigan umumiy maktab qo‘mitasi tuzishni taklif etadilar.
O‘qituvchi o‘quvchilar bilan bullingga qarshi qoidalarni ishlab chiqishi va qabul qilishi tavsiya etiladi.
Shuningdek, bulling qurboni uchun o‘zini himoya qilishga qodir yuqori sinf yetakchi o‘quvchilaridan birini mas’ul etib tayyorlash amaliyoti ham yaxshi natija berishi kuzatiladi.
Bulling qanday sabab bilan vujudga kelmasin, o‘qituvchi “zo‘ravon” bilan ham, “qurbon” bilan ham jiddiy ishlashga doim tayyor turishi kerak.
Axir donishmandlar ta’kidlagan haqiqat – inson taqdiri kimning oilasida tug‘ilgani va kim bilan oila qurganidan tashqari yana kimning qo‘lida o‘qiganiga bog‘liq bo‘lishini unutmaslik kerak.
🔹Psixolog f. d. P. S. Ergashev
@Unco_school