TIBBIYOT XODIMLARINING KASBIY MALAKASINI RIVOJLANTIRISH MARKAZIDA ROSSIYALIK HAMKASBLAR BILAN UCHRASHUV BO‘LIB O‘TDI
2026-yil 17-avgust kuni Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida Sankt-Peterburg shahridan tashrif buyurgan rossiyalik hamkasblar bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Markazda Rossiyaning yuqori texnologiyali diagnostika va onkologik kasalliklarni davolash sohasida faoliyat yurituvchi yirik tibbiyot tashkilotlaridan biri — Sergey Berezin nomidagi Tibbiyot instituti (MIBS) Boshqaruv raisi va asoschilaridan biri Arkadiy Zinovyevich Stolpner boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi.
Uchrashuv davomida zamonaviy tibbiyotni rivojlantirish, onkologik yordamni takomillashtirish, ilg‘or tibbiy texnologiyalarni joriy etish, tibbiyot kadrlarini tayyorlash va mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirish masalalari yuzasidan ochiq va mazmunli fikr almashildi.
Shuningdek, ilmiy va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, mutaxassislar o‘rtasida professional tajriba almashish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish hamda yuqori texnologiyali tibbiyot sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda Markaz direktorining o‘quv-uslubiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Qosimova Muniraxon Sodiqjanovna, shuningdek, Gigiyena va radiatsion xavfsizlik kafedrasi mutaxassislari, jumladan, tibbiyot fanlari doktori, professor Zaredinov Damir Arifovich ishtirok etdi.
Rossiyalik hamkasblarning nur diagnostikasi, radioterapiya, radioshirurgiya, yadro tibbiyoti va proton terapiyasi yo‘nalishlaridagi tajribasi kelgusidagi ilmiy va kasbiy hamkorlik uchun katta ahamiyatga ega.
Uchrashuv yakunida tomonlar hamkorlikni davom ettirish, qo‘shma ilmiy va ta’limiy tashabbuslarni amalga oshirish, professional tajriba almashish hamda yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlash yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Bugungi uchrashuv O‘zbekiston va Sankt-Peterburg tibbiyot mutaxassislari o‘rtasidagi professional aloqalarni mustahkamlash hamda zamonaviy tibbiyot sohasida yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi — bilim, tajriba, kasbiy mahorat.
ТХКМРМ расмий телеграм канали - https://t.me/txkmrm
Марказнинг Матбуот хизмати томонидан юритилади.
Марказ расмий сайти — tipme.uz