TURKSOYning 33 yilligi muborak bo‘lsin!
Bundan roppa-rosa 33 yil muqaddam turkiy xalqlarning ma’naviy birligini ta’minlash, mushtarak qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, umumiy boyligimiz bo‘lmish noyob tarixiy merosimizni o‘rganish va jahon miqyosida keng targ‘ib etishdek ezgu maqsadlarni ko‘zlab Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYga asos solingan edi.
O‘tgan davr mobaynida tashkilot ulkan va sharafli yo‘lni bosib o‘tib, bugungi kunda qardosh xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlovchi, dillarni dillarga bog‘lovchi o‘ziga xos madaniy ko‘prikka aylandi.
Ayniqsa, TURKSOY tomonidan hayotga tatbiq etilayotgan qator loyihalar, o‘tkazib kelinayotgan nufuzli forum va anjumanlar, festival va tanlovlar, ijodiy uchrashuv va muloqotlar turkiy dunyoda madaniy diplomatiyani rivojlantirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Har yili turkiy davlatlardagi shaharlardan birining “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti”, deb e’lon qilinishi va uning doirasida tashkil etiladigan tadbirlar esa nafaqat ana shu kentlar madaniy hayotini jonlantirmoqda, balki shon-shuhratini, turistik jozibadorligini yanada oshirmoqda. Avvalroq Xiva, joriy yilda Andijon shahrining shunday yuksak maqomga ega bo‘lgani bizga katta sharaf bag‘ishladi.
Umuman, e’tirof etish o‘rinliki, Prezidentimizning alohida e’tiborlari va qo‘llab-quvvatlashlari bilan so‘nggi yillarda O‘zbekiston va TURKSOY o‘rtasidagi hamkorlik faollashib bormoqda. Shu yilning aprel oyida Toshkentda TURKSOY ofisi ochilgani ham bunga yorqin misol bo‘la oladi. Oʻzbekistonlik sanʼat va madaniyat namoyandalari bugungi kunda TURKSOY tomonidan oʻtkazilayotgan nufuzli anjumanlar, festival va tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.
Mazkur tashkilotni yana uzoq ta’riflash mumkin. Eng muhimi, TURKSOY til, adabiyot, musiqa, teatr, kino va an’anaviy san’at kabi qator yo‘nalishlarda umumiy merosimizni asrash va kelgusi avlodlarga yetkazish maqsadida samarali faoliyat olib borayotgan nufuzli va biz uchun o‘rni hamda ahamiyati yuksak xalqaro tashkilot hisoblanadi.
Fursatdan foydalanib, ushbu qutlug‘ sana bilan TURKSOY rahbariyati va butun jamoasini, turkiy xalqlarni samimiy muborakbod etaman. Xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va qardoshlik rishtalari hamisha bardavom, mushtarak madaniyatimiz va birligimiz abadiy bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri











