MDHni bugungi kunda o‘zining dastlabki integratsion salohiyatini sezilarli darajada yo‘qotgan “zombi-tuzilma” sifatida tanqid qilish uchun yetarlicha asoslar mavjud. Hamdo‘stlikning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, geoiqtisodiy ziddiyatlarni bartaraf etish va a’zo davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish borasidagi imkoniyatlari cheklangan. Biroq Prezident Shavkat Mirziyoyevning Ashxobod sammitidagi faol ishtiroki hamda O‘zbekistonning 2027-yilda MDHga raislikni qabul qilishi hissiyotlarga emas, strategik hisob-kitobga asoslangan pragmatik tashqi siyosat namunasidir.
Toshkentning bunday yondashuvi, avvalo, ikki fundamental omil bilan izohlanadi. Birinchidan, MDH O‘zbekiston uchun allaqachon shakllangan, mavjud diplomatik infratuzilma va ko‘p tomonlama muloqot mexanizmlariga ega institutsional maydon hisoblanadi. Ushbu platforma davlat rahbarlariga qo‘shimcha institutsional tuzilmalarni yaratmasdan turib, dolzarb ikki tomonlama va mintaqaviy masalalarni muhokama qilish, pozitsiyalarni muvofiqlashtirish hamda norasmiy diplomatik aloqalarni saqlab qolish imkonini beradi. Ikkinchidan, postsovet makonida murakkab geosiyosiy manfaatlar to‘qnashuvi va kuchlar muvozanati saqlanib qolayotgan sharoitda mavjud ko‘p tomonlama formatlardan namoyishkorona voz kechish O‘zbekistonga sezilarli amaliy ustunlik bermasligi mumkin. Aksincha, bunday demarsh qo‘shimcha diplomatik keskinlikni yuzaga keltirib, hamkorlik kanallarining torayishiga olib kelishi ehtimoldan xoli emas.
Shu nuqtayi nazardan, O‘zbekistonning MDH doirasidagi ishtirokini tashkilotning barcha siyosiy qarashlari yoki integratsion maqsadlarini qo‘llab-quvvatlash sifatida emas, balki mavjud institutsional imkoniyatlardan milliy manfaatlar yo‘lida foydalanish strategiyasi sifatida baholash maqsadga muvofiq. Toshkent uchun asosiy vazifa muayyan tuzilmalarga ramziy sodiqlikni namoyish etish emas, balki savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, transport-logistika imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqaviy xavfsizlik masalalarida muloqotni davom ettirish va tashqi siyosiy manevr imkoniyatlarini saqlab qolishdan iborat.
M.Imomov, SFCA eksperti
Strategic Focus: Central Asia

7
6
3
2
111-oktabr, 2026 1,1 ming 1