Tehrondan kelgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Eron siyosiy doiralarida Vashington tomonidan e’lon qilingan yangi iqtisodiy bosimga qanday javob qaytarish masalasi qizg‘in muhokama qilinmoqda. Asosiy bahs Eronning mavjud iqtisodiy bosimga bardosh berish imkoniyatlari, diplomatik yo‘lni saqlab qolish zarurati va AQShga qarshi javob choralarining ko‘lami atrofida kechmoqda.
Eron rahbariyatidagi so‘nggi bayonotlar mamlakat ichida vaziyatga nisbatan turlicha yondashuvlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Prezident M.Pezeshkiyon va parlament spikeri M.Qolibof urushning davom etishi mamlakat iqtisodiy barqarorligiga jiddiy xavf tug‘dirayotganini ta’kidlab, siyosiy kelishuv izlash tarafdori bo‘lsa, kuch tuzilmalari vakili M.Rizoiy AQSh va uning mintaqadagi hamkorlariga qarshi bosimni kuchaytirish zarurligini ilgari surmoqda.
Shu nuqtayi nazardan, Tehron oldida bir nechta ehtimoliy yo‘nalish mavjud. Birinchi variant – AQSh Kongressiga noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlargacha vaziyatni cho‘zish va shu vaqt davomida keng ko‘lamli eskalatsiyadan tiyilish. Bunda Eron Ho‘rmuz bo‘g‘ozi va neft bozori orqali Vashingtonga bosim o‘tkazish imkoniyatini saqlab qolishga urinishi mumkin.
Ikkinchi yo‘nalish – vositachilar orqali muzokaralarni qayta tiklash. Pokiston va Ummonning so‘nggi diplomatik faolligi Tehron va Vashington o‘rtasidagi siyosiy muloqot uchun imkoniyatlar hali mavjudligini ko‘rsatmoqda. Bunday format Eron uchun iqtisodiy bosimni yumshatish bilan birga, kelishuvni bevosita taslim bo‘lish sifatida ko‘rsatmaslik imkonini beradi.
Uchinchi va eng xavfli ehtimol esa keskinlikning yangi bosqichiga o‘tishdir. Agar AQSh sanksiyalari Eronning iqtisodiy barqarorligiga tobora kuchliroq ta’sir ko‘rsatsa, Tehron AQSh va uning mintaqadagi manfaatlari uchun ham xarajatlarni oshirish strategiyasini tanlashi mumkin. Bunday holatda energetika infratuzilmasi va mintaqadagi Amerika biznes manfaatlari bosim vositasiga aylanishi ehtimoli mavjud.
Bu jarayondagi asosiy paradoks shundaki, Vashington Eronning iqtisodiy va diplomatik manevr imkoniyatlarini qanchalik toraytirsa, Tehronning keskin javob choralariga o‘tish ehtimoli shunchalik ortadi. Ya’ni, iqtisodiy bosim Eronni murosa tomon undash bilan bir qatorda, aksincha, eskalatsiyani rag‘batlantiruvchi omilga ham aylanishi mumkin.
Shu bilan birga, Eronning sanksiyalarga qay darajada bardosh bera olishi ko‘p jihatdan Xitoyning pozitsiyasiga bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Pekin Eron neftini xarid qilish va muqobil savdo kanallarini saqlab qolishda davom etsa, AQShning yangi sanksiya siyosati kutilgan darajada samarali bo‘lmasligi mumkin.
Shu sababli bugungi Eron-AQSh qarama-qarshiligini faqat ikki davlat o‘rtasidagi mojaro sifatida baholash yetarli emas. Uning ortida Yaqin Sharqdagi energetika oqimlari, savdo yo‘llari va mintaqaning Xitoy bilan iqtisodiy aloqalari ustidan ta’sir uchun kurash tobora yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Strategic Focus: Middle East and North Africa
Forwarded fromStrategic Focus: Middle East and North Africa
8August 28, 2026 10.8K 3