Saks va brit qabilalari o'rtasidagi urush va qo'zg'olonlarga barham berish maqsadida sehrgar Merlin urg'ochi ajdarni sehrlab qo'yadi ya'ni undan chiqayotgan nafas tumanga aylanib,odamlardagi bor yo'q dushmanlik kayfiyati, yaxshi va yomon xotiralarni unuttiradi. Qabilalar dushmanligini unutib, tinch-totuv yashashni boshlashadi. Lekin yillar o'tib ritsar Vistan yomonliklar va zulm, begunoh o'ldirib yuborilgan odamlar va go'daklar ruhi haqqi uchun ham xotiralar qaytishi kerak deb hisoblab, ajdarni o'ldirish payiga tushadi. Unga esa qayerdadir unutib qoldirilgan o'g'lini topish, o'tmishda birga kechirgan shirin xotiralarini eslash istagi bilan er-xotin Aksel va Beatriss xonim hamrohlik qilishadi. Ajdarni himoya qilayotgan ikkinchi ritsar ser Gaveyn esa "odamlar xotirasidan ayrilishi evaziga dushmanlik va qasos unutilib, yurtda davomli tinchlik ta'minlanganini, eski yaralar abadiy bitganini, yurt unutish ichra omonlikda qolishini aytib, ajdarni o'ldirmaslik kerak" deb hisoblaydi.
Beatrissni elas-elas xotiralarida o'tmishda eri Akselning xiyonati gavdalanadi, o'zining eri oldidagi qilmishlarini eslagandek bo'ladi. Shunda u shunday deydi:
- Ajdar o'lib, tuman tarqalsa, xotiralarimiz qaytsa, o'shanda ko'z o'ngimizda namoyon bo'ladigan manzaradan cho'chib qolmaymizmi?
Xotiralarimiz qayta uyg'onsa, bular orasida seni bir paytlar ranjitganim, yoki hozir ko'rayotgan ko'zingda meni boshqa odamga aylantirgan nomunosib ishlarimni eslab qolsang...
Jilla qursa hozir yuragingda men haqimda nimalar sezayotgan bo'lsang, shu tuyg'uni unutmaslikka so'z ber. Chunki xotira tumandan chiqib kelsayu, o'zi bilan birga yurakdagi muhabbatimizni haydab chiqarsa, bunday xotiraning qanchalik qadri bor? Tuman tarqalgach nimalarni eslashingdan qat'iy nazar, hozir yuragingdagi menga bo'lgan hislarni abadiy saqlab qolishga va'da ber, malikam"
Ajdar o'ladimi, ularning xotirasi qaytadimi, o'tmishdagi gunohlari uchun bir birini kechira olishadimi, xotiralar, o'tmish inson uchun, jamiyat uchun qanchalik ahamiyatli kabi savollar o'rtaga tashlanadigan falsafiy kitob "Ko'milgan dev" va ushbu asar Nobel mukofotini olgan.
Nima deb o'ylaysiz, nimadirga erishish uchun xotiralaringizni bergan bo'larmidingiz?! Ortingizda bari unutilib borishiga ruxsat berarmidingiz?!